12-Olimpiya sammitida O‘zbekiston vakillari qatnashdi
Shveysariyaning Lozanna shahrida o‘tkazilgan 12-Olimpiya sammitida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov onlayn tarzda ishtirok etdi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax olib borgan sammitda dunyo bo‘ylab olimpizm harakatini yanada rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi.

Sammitda olimpiya harakatining yetakchi vakillari bevosita Lozannadan ishtirok etgan bo‘lsa, Milliy olimpiya qo‘mitalari vakillari onlayn formatda qatnashdi.
Dastavval, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasida ilgari surilgan “Tinch va go‘zal dunyoni sport hamda olimpizm g‘oyalari orqali quramiz” loyihasi muhokama qilindi. Muhokamalar sarhisobida 118 mamlakat ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Ikki mamlakat betarafligini bildirgan bo‘lsa, bitta davlat vakillari qarshi ovoz berdi.

Yig‘ilish davomida "Parij-2024" Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalasida fikrlar bildirildi. Qatnashchilar Fransiya poytaxtida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari tarixda tub burilish yasashi haqida so‘z yuritdi. "Parij-2024"da sportchilar masalasida gender tenglikka erishish mavzusi olimpizm g‘oyalarini ifoda etishi ta’kidlandi.
Sammit yakunida Milan – Kortina-2026 qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik, anti doping, siyosatdan holi sport, raqamli aloqa, kibersport Olimpiya o‘yinlari loyihasini o‘rganib chiqish kabi mavzular xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA