105 yoshli onaxonga “Shuhrat” medali topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbarining farmoniga asosan bir guruh 100 yoshdan oshgan yurtdoshlarimiz “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Ular orasida Buxoro viloyati Romitan tumani Yuqori Chandir qishlog‘ida yashovchi Bibixol aya Abdullayeva ham bor.
U kishini ayyom arafasida qutlash uchun viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari Chelong‘u mahallasidagi xonadoniga bordi.
[gallery-19045]
Viloyat hokimi Botir Zaripov Bibixol ayani Prezident nomidan tabrikladi. Uning ko‘ksiga “Shuhrat” medalini taqdi va bayram sovg‘alarini topshirdi.
Bibixol aya tumanda birinchilardan bo‘lib pilla yetishtirish hadisini olgan. Hududdagi xo‘jaliklarni tashkil etish jarayonida faol qatnashgan, qishloqni obodonlashtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan. Umumiy mehnat staji esa 40 yildan oshiq.
Onaxon turmush o‘rtog‘i rahmatli Narzillo Tilloyev bilan 6 qiz, 6 o‘g‘ilni voyaga yetkazgan. Hozir 56 nabira, 128 evara va chevara va 4 nafar evaraning ardog‘ida, mahalla-ko‘yning e’zozu ehtiromida umrguzaronlik qilmoqda.
Shu kuni ayaning xonadonidan mehmonlar arimadi. Xonadonda katta bayram shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari