10 ga yaqin davlatning yosh karatechilari bellashdi
Poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida karatening kosiki yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq jahon chempionatida 10 ga yaqin davlatning mahoratli yosh karatechilari g‘oliblik yo‘lida kurash olib bordi.
Rossiya, Germaniya, AQSH, Malayziya, Misr, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning 300 nafardan ortiq sportchi yoshlari qatnashgan birinchilik doirasida yakkalik va jamoaviy tartibda kumite hamda kata musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

–Yoshlarni ommaviy sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish to‘g‘risidagi bir qator qarorlarda mahoratli yoshlarni saralash vazifasi belgilangan. Shu maqsadda tashkil etilgan ushbu chempionatda o‘zbekistonlik sportchilar yakka tartibdagi kumite bahslarida 19 ta oltin, 10 ta kumush va 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida yetakchilikni qo‘lga kiritdi, – deydi O‘zbekiston fudokan karate-do federatsiyasi bosh kotibi Ravshan Talipov.
Aytish lozim, chempionatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish kompleksi karate seksiyasida shug‘ullanuvchi yosh karatechilar yuqori natijalarni qayd etdi. Jumladan, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Hayotxon Xalikova, Elmuhammad O‘ralov, Sherzod Anvarov, Muslima Badalova, Behruz Ismanaliyev kabi sportchilarimiz yuksak mahorat, matonat va irodasini namoyon etgan holda oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Mazkur jahon chempionati yurtimizda karate sportini yanada rivojlantirish, xalqaro sport hamkorligini mustahkamlash va sportchilarimizning mahorat darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA