1 million dollarlik grant ajratiladi
Tokio shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda FPT Consulting Japan Co., Ltd ishtirokida IT mutaxassislarini tayyorlash va sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik doirasida O‘zbekistonda raqamli iste’dodlarni rivojlantirish uchun 1 million AQSH dollari miqdorida grant ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Muzokaralarda Yaponiya bozori uchun raqobatbardosh IT mutaxassislari tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, masofaviy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish hamda raqamli xizmatlar eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlik doirasida Yaponiya bozoriga yo‘naltirilgan IT sohasi uchun ixtisoslashgan yapon tili ta’limi yo‘lga qo‘yiladi, yapon ish madaniyatiga xos yumshoq ko‘nikmalar rivojlantiriladi. Shuningdek, o‘zbekistonlik IT mutaxassislarining Yaponiya kompaniyalari bilan integratsiyasi kengaytiriladi.

Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning global IT xizmatlar eksportidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA