1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi
Namangan viloyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyat hududiy birlashmasi hamda Mingbuloq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholi murojaatlari asosida kommunal xizmatlar sohasida o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganishlar davomida qish mavsumida amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan to‘lovlar mavjudligi aniqlangan. Mazkur holatlar mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda atroflicha ko‘rib chiqilib, muammolar ijobiy hal etildi.
Jumladan, Mingbuloq tumanida 11 ming 253 nafar abonent bo‘yicha hisoblangan 1 milliard 57 million so‘mdan ortiq noreal qarzdorlikni undirish bekor qilinib, mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Shu bilan birga, viloyatning boshqa hududlarida ham o‘rganishlar davom ettirilmoqda. Aholi manfaatlarini himoya qilish, asossiz hisob-kitoblarni bartaraf etish yuzasidan tegishli amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu kabi ishlar fuqarolarning murojaatlari asosida, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zA