1-iyuldan kasallik nafaqalarini to‘lash tartibi o‘zgaradi (+video)
Bugungi kunda O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy kafolatlarini kuchaytirish va ularning mehnat faoliyati davomidagi huquqlarini to‘liq ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda ijtimoiy sug‘urta tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, uning qamrovi va samaradorligi kengaytirilmoqda.
Ayniqsa, homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq nafaqalarni to‘lash tartibiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Yangi yondashuv nafaqa tayinlash jarayonini yanada shaffof, adolatli va zamonaviy talablarga mos holda tashkil etish, shuningdek, fuqarolarning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biri davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirishdir. Bu islohot nafaqat aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, balki mehnat bozorida rasmiy bandlik ulushini oshirish, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining joriy etilishi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat modelini bosqichma-bosqich shakllantirayotganini anglatadi. Bu modelning markazida fuqaroning ijtimoiy xavflardan himoyalangani, ya’ni daromad yo‘qolishi, kasallik yoki vaqtincha mehnat qobiliyati yo‘qolishi holatlarida davlat kafolati turadi.
Ayniqsa, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarining davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lanishi tizimning insonga yo‘naltirilganini yaqqol namoyon etdi. Ilgari asosan ish beruvchi zimmasida bo‘lgan moliyaviy yukning davlat tomonidan qisman o‘z zimmasiga olinishi ijtimoiy adolat tamoyilini mustahkamladi.
–2026-yilning dastlabki 5 oyida (yanvar–may) 57,9 ming holatda homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lab berilgani tizimning amaliy samaradorligini ko‘rsatadi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhamedjonova. – Jami 658,4 milliard so‘mlik to‘lovlar davlatning ijtimoiy majburiyatlarga yondashuvi kengayganini anglatadi. E’tiborli jihat shundaki, xususiy sektorda band bo‘lgan ayollarga to‘lovlar hajmi 2 baravar, o‘rtacha nafaqa miqdori esa 6 baravar oshgan. Bu esa yangi tizimning faqat statistik emas, balki real ijtimoiy ta’sirga ega ekanini tasdiqlaydi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan boshlab joriy etiladigan ikkinchi bosqich — vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lash tizimining yo‘lga qo‘yilishi.
Yangi tartibga ko‘ra, dastlabki 5 kunlik to‘lov ish beruvchi hisobidan, 6-kundan boshlab esa davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Bu mexanizm ish beruvchi va davlat o‘rtasidagi moliyaviy yukni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda tizim barqarorligini oshiradi. Islohotning eng muhim jihati — fuqaroning daromadi kasallik davrida ham qisman saqlanib qolishi. Bu, o‘z navbatida oilaviy moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi. Shu bilan birga kambag‘allikka tushish xavfini kamaytiradi. Rasmiy mehnatga qiziqishni oshiradi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy sug‘urta tizimi kuchaygan davlatlarda rasmiy bandlik ulushi ham sezilarli o‘sadi. Chunki fuqaro davlat kafolati mavjud bo‘lgan tizimda rasmiy ishlashni afzal ko‘radi. Ilgari vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari asosan ish beruvchilar zimmasida bo‘lgan. Yangi tizim esa bu yukning bir qismini davlat zimmasiga oladi. Bu kichik va o‘rta biznesga moliyaviy bosimni kamaytiradi. Ish o‘rinlarini saqlash imkoniyatini oshiradi. Yangi ish o‘rinlari yaratilishini rag‘batlantiradi.
Islohotning eng zamonaviy jihati to‘liq raqamlashtirilgan boshqaruv tizimidir. Nafaqalar elektron varaqalar va axborot tizimlari integratsiyasi asosida avtomatik ravishda tayinlanadi. Bu esa inson omilini minimallashtiradi. Korrupsion xatarlarni kamaytiradi. Jarayonni tez va shaffof qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MP1Aridyvro" title="1 iyuldan kasallik nafaqalarini to‘lash tartibi o‘zgaradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining ikkinchi bosqichi O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaning yangi modelini shakllantirmoqda. Bu modelning asosiy ustunligi davlat, ish beruvchi va fuqaro o‘rtasidagi mas’uliyatning muvozanatli taqsimlanishidir. Ushbu islohotlar natijasida mamlakatda ijtimoiy barqarorlik kuchayadi, rasmiy bandlik ortib boradi, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nishonboy Abduvoitov (video)
O‘zA