1 avgustdan «Agroplatforma» axborot tizimi pullik xizmat ko‘rsatadi
«Agroplatforma» axborot tizimi foydalanuvchilardan abonent to‘lovi evaziga, tizimni 24/7 uzliksiz rejimda ishlashini ta’minlash, joriy va kelgusida texnik-qo‘llab quvvatlash maqsad qilingan.
Ma’lumki, Prezident qaroriga asosan, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab, paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish maqsadida «Agroplatforma» («agroplatforma.uz») axborot tizimi ishga tushirilgan.
Mazkur qaror va tegishli normativ hujjatlarga asosan, «Agroplatforma» axborot tizimi foydalanuvchilardan abonent to‘lovi evaziga, tizimni 24/7 uzliksiz rejimda ishlashini ta’minlash, joriy va kelgusida texnik-qo‘llab quvvatlash, takomillashtirib borish xizmatlarini tijoratlashtirish ko‘zda tutilgan.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 1 avgust sanasidan boshlab «Agroplatforma» axborot tizimidan foydalanish uchun pullik xizmat ko‘rsatish asosida ish olib boradi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati e’lon berdi.
Qayd etilishicha, ta’rif to‘lovlari bo‘yicha ma’lumotlarni «Agroplatforma» axborot tizimida hamda tizimga joylashtirilgan Ommaviy ofertadan olish yoki «Agrosanoatni raqamlashtirish markazi» MCHJning Call-markazi (71) 206-70-07 raqamlari orqali bilib olish mumkin.
O‘zA