Zomintog‘ning tomirida sado bergan so‘zim mening...
Zomin tog‘larining yulduz o‘par archalariga boqib, yuragim yulduzlar kabi jimirlab ketsa, O‘riklisoyning shovullashidan toshib-toshib, to‘lqinlanib ketdi. Hayratlarim, qalbim torlariga tegib sado berdi, so‘zimdan va ko‘zimdan Vatan topgan tuyg‘ularim mudrayotgan tomirlarimni uyg‘otdi.
2001 yilning iyuli. O‘zbekiston xalq shoirlari Jumaniyoz Jabborov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Ikrom Otamurod, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon va boshqa ustozlarimiz boshchiligida o‘tkazilgan Zomin yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etdim. Eng qadrdon, samimiy ijodkor do‘stlarim bilan ana shu seminarda tanishdim. Barno Sultonova, Shodmonqul Salom va boshqa do‘stlarimning ijodiy ishlarini o‘qib, ruhan yangilandim. Bir-birimizga ijodiy kayfiyatimiz yuqdi. Ustozlarimizning savollariga she’rlarimiz, qalb kechinmalari bo‘lgan esselar, hikoyalar, maqolalar bilan javob berdik. Hayotimizning zar varaqlaridan joy oldi bu issiq diydor onlari.
Jumaniyoz aka, Abdulla aka, Muhammad akaning e’tiroflari, tanqidlari kelajakda bitilajak asarlarimiz uchun barchamizga yo‘l ko‘rsatadigan mash’ala bo‘lib, ko‘zlarimiz tubida porladi, ruh berdi, o‘yga toldirdi. O‘shanda maqsadlarimiz, orzularimiz yoshimizga mos va xos edi, balki. Lekin ustozlarimizning da’vatlari, mahorat darslari bizni davr bilan, xalq dardi bilan hamnafas ijod qilishimiz kerakligiga shaylantirdi. So‘ngra jo‘shqin mushoira boshlandi...
Yulduz o‘par archalarday
Ilhomim tog‘ oshib tolmas.
O‘riklisoy to‘lqinida
Tuyg‘ularim toshib tolmas.
Senga sevgim - Vatan desam,
Yoshligim - oy yuzim mening.
Zomintog‘ning tomirida
Sado bergan so‘zim mening.
Zomin tog‘larining toshlariga urilib, jaranglagan mana shunday satrlar ohanggi yuraklardan yuraklarga ko‘chib, gumburlagan sado berdi. Sadolar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Mohiyat”, “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida, “Yoshlik”, “Yosh kuch”, “Saodat” jurnallarida o‘z aksini topdi. O‘sha kunlar bugun ham ko‘ngillarga ajib titroq va hayajon soladi. Nimaga deganda, ustozlarimiz bugun qalbimizning xotira daftarlariga o‘z nomlarini abadiy muhrlab ketdi. Ular bizning ijodiy parvozimizga o‘tkir nafaslari, otashin so‘zlari bilan qanot baxsh etganlariga ham 20 yil bo‘libdi.
Qolaversa, shu yillar ichida men O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limida adabiy maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishladim. Mehnat faoliyatimning aksariyat yillari yoshlar bilan bog‘langandi. Men yosh ijodkorlarning qarashlari, fikrlari, talqinlari, xayollari, o‘ylari, orzulari, dardlarini o‘zimniki, deb bildim. Ular mening eng yaqin, suyangan do‘stlarim bo‘lib qoldi. Garchi bugun u bo‘limda ishlamayotgan bo‘lsam-da, hamon, har nafasda yoshlar bilan hamfikrman. Ularning ijodlarini kuzatib boraman. Chunki ular bu muqaddas dargohga katta umid bilan qadam qo‘yadi. Qaysilariki, ustozlarining tarbiyasi, tavsiyasini chin dildan qabul qilgan bo‘lsa, ularning hayot yo‘llari yorug‘likka qarab yuz tutdi. Kitoblari davlatimiz tomonidan beg‘araz chop etildi, uylar berildi, Yozuvchilar uyushmasiga a’zo qilindi. Ular ham bu mehr va ishonchni oqlashga bel bog‘lashdi.
Rustam Mirvohid, Maxfuza Imomova, Zebo Xudoyberdiyeva, Fozil Farhod, Nodira Ibrohimova, Dilmurod Do‘st, Shavkat Odiljon, Go‘zaloy Matyoqubova, Jasur Kengboyev, Sardor Hamroyev, Bayram Ali, Gulruh Xudoyorova, Bashorat Omonova, Feruza Xayrullayeva, Yulduzoy O‘rmonova, Mansur Jumayev, Javlon Jovliyev, Alisher Boymurodov, Kumush Abdusalomova, Yahyoxon Fayoz, Hafiza Abdumalikova va bularni qator-qator sanayverishimiz mumkin. Ular Yozuvchilar uyushmasining ostonasiga kelganlaridayoq, o‘z kechinmalari, she’riy satrlardagi samimiy qarashlari, o‘tli fikrlari bilan “Onajonim — she’riyat” to‘garagida, Do‘rmon va Zomin yosh ijodkorlar seminarida ustozlar e’tiboriga tushgan edi. Har birlari o‘zlarining ustida ishlashga kirishdi va ular bugun eng nufuzli jamoat tashkilotlari, ijodiy maydonda ilmu ma’rifat, adabiyotimiz, ma’naviyatimiz targ‘ibotchisi sifatida faol va ayni damda iqtidorli kadrlarga aylandi. Yurtimizda yaratilayotgan imkoniyat, e’tirof, rag‘batlar ularni mana shunday pog‘onalarga olib chiqdi. Mehr, e’tiborning esa o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bildirgan tabrigida katta ishonch bilan “Beruniy izdoshlari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Alisher Navoiy davomchilari” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish haqidagi tashabbuslari biz ijodkorlarni ham ruhlantirdi.
“Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida siz, aziz yoshlarimizning qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqayotganingiz yuksak tahsinga sazovordir. Albatta, yoshlikka xos shijoat, jo‘shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib yashashi kerak”, degan davlatimiz rahbarining o‘tli shiori albatta, Yangi O‘zbekiston yoshlarini yanada yuksak maqsadlar bilan intilishiga yo‘l ochib beradi.
Mana shunday katta ishonch bildirilgan muazzam kunlar arafasida yosh ijodkorlarning Zomin seminari ijodkor yoshlarimizni ustozlar, samimiy do‘stlar davrasiga, O‘riklisoyning so‘lim bog‘lariga chorlamoqda.
Bu yilgi seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 66 nafar yosh ijodkor hamda hamkor tashkilotlar tomonidan yuborilgan 9 nafar iste’dodli yosh ijodkor – an’anaviy qo‘shiq ijrochilari, bastakorlar, kinematografiya sohasi yosh ijodkorlari, rassomlar (kitobat san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar) ishtirok etadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tuzilgan Ishchi guruhi ushbu seminarni yuksak darajada o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Seminar qatnashchilarining qalblaridan o‘tayotgan tuyg‘ularni hozirdanoq his qilayapman. Ularni ustozlar bilan bo‘lib o‘tadigan qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javoblar, mushoira kechalari, mo‘’jizaviy lahzalar kutmoqda. Asosiysi, adabiyotimizga yangi ovozlar, yangicha qarashlar, yangi g‘oyalar kirib keladi, degan umidda seminar qatnashchilariga Zomin buloqlarining harorati yanglig‘ ilhom, so‘z mas’uliyatini va ko‘tarinki kayfiyat tilayman.
Farog‘at XUDOYQULOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy targ‘ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig‘i.