Zominsoy jahon san’ati ustalarini chorlamoqda
Jizzaxda II xalqaro maqom san’ati anjumani oldidan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogrerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Azamat Darxanov ishtirokchilarga II Xalqaro maqom san’ati anjumani haqida batafsil axborot berdi.
Respublika Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida joriy yilning 27-30-iyun kunlari tashkil etilayotgan ushbu xalqaro anjuman Zomin tumanidagi “Zominsoy” hududida yangidan barpo etilgan amfiteatrda o‘tkaziladi.
Ushbu festivalga 2017-yili davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan bo‘lib, anjuman ilk bor 2018-yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan edi. Bu yil II xalqaro maqom san’ati anjumani tamomila yangi shukuh va yangicha uslubda, yuksak badiiy saviyada o‘tkazilishi kutilmoqda.

Shu maqsadda so‘lim tog‘lar qo‘ynidagi “Zominsoy” hududida zamonaviy turistik maskan barpo etildi. Bu yerda to‘rt qavatli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlarining qo‘rg‘on- joylari qurildi.
– Bugungacha 70 dan ortiq davlatdan ushbu anjumanda ishtirok etish istagi bildirildi, – deydi Jizzax viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Azamat Darxanov. – Anjumanga mingdan ziyod maqom san’ati ustasi, sayyoh kelishi kutilmoqda. Tadbir doirasida tantanali ochilish va yopilish marosimlari, halqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, respublika ko‘rik-tanlovlari, musiqiy yarmarkalar, xorijiy maqom ustalarining mahorat darslari ham tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyatdagi 5 ta– Zarbdor, Zomin, Yangiobod, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahrida xorijlik va mahalliy ishtirokchilar tomonidan konsert dasturlari uyushtiriladi.
Xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Maqomchilar alleyasi”ni barpo etish maqsadida faslga va hududga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish marosimi o‘tkaziladi.
Shuningdek, yosh maqomchilar chellenji, aholining keng qatlamini qamrab olish maqsadida anjuman tantanali ochilish marosimining to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyishi va konsert dasturlari uchun qo‘shimcha maydonlar, hududlardan taklif etilgan jamoalar uchun belgilangan maydonlarda turli ko‘rgazmalar va milliy taomlar yarmarkalari, Jizzax viloyatining milliy qadriyatlari va an’analarini targ‘ib etuvchi hunarmandlar mahallalari tashkil etiladi.
Anjuman ishtirokchilari va mehmonlar qorli tog‘lar bag‘rida barpo etilgan “Zomin dor yo‘li”, Markaziy Osiyoda uzunligi va balandligi bo‘yicha yagona hisoblangan “Baxt osma ko‘prigi”, yuraklarni junbushga keltiradigan ekstrimal o‘yin moslamasi va boshqa joylar bilan yaqindan tanishtiriladi. Xorijlik va mahalliy mehmonlar Zomin tog‘larining toza, musaffo havosi, boy tabiat manzaralari, shifobaxsh giyohlari, zilol suvlaridan bahramand bo‘lishi ham ko‘zda tutilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari