Zominda yosh iste’dodlar mahorati yanada charxlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari bugun mamlakatimiz adabiy hayotining eng nufuzli ijodiy maktablaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, ustoz-shogird an’analarini yanada rivojlantirish hamda yangi avlod adabiyotining munosib vakillarini tarbiyalashga xizmat qilayotgan mazkur anjuman yil sayin mazmun va ko‘lam jihatidan boyib bormoqda.
Joriy yilning 7–9-iyul kunlari Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tasarrufidagi sihatgohda o‘tkazilgan navbatdagi seminar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi. Betakror tabiati, musaffo havosi va ilhombaxsh muhiti bilan mashhur Zomin bu gal ham mamlakatimizning eng iqtidorli yosh qalamkashlarini bir maskanda jamladi.
Seminarning ikkinchi kun dasturi ijodiy muloqotlarga boy bo‘ldi. She’riyat, nasr, dramaturgiya, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima, badiiy publitsistika va adabiy tanqid yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan sho‘’ba mashg‘ulotlarida ishtirokchilar tajribali ustozlardan saboq olishdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton ishtirokida o‘tgan mahorat darsida badiiy ijod sirlari, asar ustida ishlash madaniyati va ijodkor mas’uliyati haqida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, adib asari asosida tayyorlangan “So‘z” loyihasi namoyish etildi. Kun yakunida o‘tkazilgan “Zomin oqshomlari” adabiy-badiiy mushoirasi yoshlar ijodidagi yangi izlanishlarni namoyon etdi.
Seminar doirasida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirokchilar bilan uchrashib, ularga yangi ijodiy zafarlar tiladi hamda “Aydarko‘l Resort” majmuasiga taklif etdi.
Ma’lumki, respublika bosqichiga yo‘llanma olish uchun ko‘p bosqichli saralash jarayoni o‘tkazildi. Joriy yilning 20-aprelidan 2-mayiga qadar o‘tkazilgan hududiy bosqichlar yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizning 14 hududidan 75 nafar eng iqtidorli yosh ijodkor saralab olindi. Ulardan 25 nafari she’riyat, 10 nafari nasr, 6 nafari dramaturgiya, 11 nafari bolalar adabiyoti, 6 nafari badiiy tarjima, 10 nafari badiiy publitsistika va 7 nafari adabiy tanqid yo‘nalishida ishtirok etdi. Shuningdek, respublikadagi ijod maktablarining har biridan 5 nafardan, jami 45 nafar iqtidorli o‘quvchi ham seminarga jalb qilindi.
Zomin seminari yillar davomida ko‘plab yosh iste’dodlarni adabiyot maydoniga olib kirdi. Bugun Bobur Elmurod, Javlon Jovliyev, Dadaxon Muhammadiyev, Alisher Boymurod, Anvar Botir, Shahriyor Shavkat, Shohsanam Nishonova, Feruza Xayrullayeva, Suhrob Ziyo, Kumush Abdusalomova, Nurmuhammad Aziz, Jamoliddin Badalov, Xurshid Abdurashid, Gulruh Xudoyorova, Alisher Sabriy kabi ijodkorlar o‘z o‘quvchilarini topib, milliy adabiyot rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
[gallery-30338]
Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar ham izchil davom etmoqda. Anjuman ishtirokchilari ijodidan tuzilgan ilk kitoblar har yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilayotgani buning yorqin ifodasidir. Shu kunga qadar “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida 208 nafar yosh ijodkorning ilk kitobi ko‘p ming nusxada chop etildi. O‘tgan yili esa seminar qatnashchilari asarlaridan tuzilgan 12 ta kitob kitobxonlarga taqdim etildi.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili davlat dasturi hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Seminarning tantanali yopilish marosimida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Dilmurod Xudoyshukurov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar so‘zga chiqib, anjumanning yuksak saviyada o‘tganini ta’kidlashdi. Faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, qatnashchilar uchun Zomin sharsharasi va osma ko‘prikka, seminar yakunlanganidan so‘ng esa Arnasoy tumaniga ma’rifiy-turistik sayohat tashkil etildi.
Zomin seminari bugun nafaqat ijodiy muloqot va tajriba almashish maydoni, balki milliy adabiyotimizning ertangi kunini belgilaydigan iste’dodlar kamol topadigan, yuksak badiiy tafakkur va ma’naviy muhit qaror topadigan nufuzli adabiy maktab sifatida o‘z ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari