Zomin yashil hududi qayta tiklanmoqda (+video)
“Zomin” milliy tabiat bog‘i hududiga qarashli tog‘ hududida joriy yilning 1 avgust kuni sodir bo‘lgan yong‘in natijasida 40 gektar yer maydonidagi yashil hudud kulga aylangan edi.
Ayni paytda ushbu yashil hududni qayta tiklash, zarur o‘simlik turlari va daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari avjida.
Hozirda “Zomin g‘alla dalasi” fermer xo‘jaligi homiyligida yong‘indan zarar ko‘rgan hududni qayta tiklash borasida 34 gektar qismiga, jami 3 milliard 510 million so‘mlik 23 ming 400 dona Qrim qarag‘ay archa ko‘chatlarini ekish ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, rejaga muvofiq ekish ishlarini tamomlash maqsadida 10 ming dona Bodom, Na’matak, Zarafshon archasi, Qrim sosnasi, Eman niholi, Archa niholi, Olma ko‘chati hamda Buta ko‘chat zaxirasi ham yaratilgan.
Shuningdek, tog‘ hududining tik tepaliklari, sayqam chuqurliklari inobatga olingan holda, ko‘chat ekilgan maydonlarga tomchilab sug‘orish tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida, homiy mablag‘lari hisobidan hozirda 16 gektar yer maydoniga tomchilab sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Rejaga muvofiq qolgan 26 gektar maydonga ham tomchilab sug‘orish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Amalga oshirilayotgan ishlarda homiy tadbirkorga qarashli 130 nafar hasharchi hamda “Zomin” milliy tabiat bog‘ining 20 nafar ishchi xodimlari bevosita ishtirok etmoqda.
<iframe width="1366" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/WyelLA4JYXA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA