Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi
Qadimiy tarixga ega Navro‘zi olam aslida sharqona yangi yil o‘zining yangilanish, yasharish nafasi bahorni boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, xonadonga shodlik, xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayram sanaladi. Navro‘z milliy ma’naviyatimiz rivojidagi eng muhim shodiyona, bu kunda yurtimizning har bir go‘shasida bahoriy kayfiyat hukm suradi.
Urgut tumanining olis chegara oldi hududlaridan biri Chep mahallasidagi amfiteatr erta tongdan odamlar bilan gavjum bo‘ldi. “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida o‘tayotgan bayram tantanalari uzoq vaqt ko‘pchilikning yodidan chiqmaydi.
Bayram tantanalariga tashrif buyurgan tuman hokimi Botir Jabborov o‘tgan 2023-yilda tuman miqyosida barcha jabhalarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar va galdagi ulkan marralar xususida so‘z yuritib, tuman ahli va mehmonlarini yasharish va go‘zallik ayyomi bilan qizg‘in tabrikladi.

Darhaqiqat, Navro‘z – tinchlik, totuvlik, birdamlik va farovonlik bayrami. Bu millati, dinidan qat’i nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Kelib chiqish tarixi uzoq o‘tmish, azaliy qadriyatlari boqiy va bizning kunimizgacha yashab kelayotgan Navro‘z umumxalq bayrami hamisha elimiz ardog‘ida.

Bunday ko‘tarinki kayfiyat tumanning asosiy Navro‘z bayrami tantanalari bo‘lib o‘tgan Urgut istirohat bog‘ida davom etdi. Barcha bir-birini tabriklagan, qutlagan. Ayniqsa, bolajonlarning xursandchiligi barchaga tabassum ulashdi.
Poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlar va tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari barchaga ko‘rinki kayfiyat ulashdi.

Bayram shodiyonalari shuningdek, Qoratepa mahallasidagi so‘lim va o‘ziga xos sirli qiyofa kasb etgan go‘sha – Teshiktosh madaniy meros maskanida ham o‘zgacha nishonlandi. Navro‘z qadimda keng dala qirlar, tog‘lar yon bag‘ri, bog‘lar qo‘ynida butun el-u ulus bilan birgalikda nishonlanishida fayz bor. Bunday sayllarda barcha birdek ishtirok etgan. Bunda insonlar birlikni, totuvlikni yana bir karra his qiladi.

Teshiktosh maskanida o‘tgan sayl milliyligimizni o‘zida aks ettirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda Urgut tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari, tumanning “Beshqarsak” xalq havaskorlik jamoasining bir-biridan rang-barang dasturlari, turli sahna chiqishlari, milliy sport o‘yinlari va musobaqalar bayram ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Shuningdek, milliy taomlar ko‘rgazmalari barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Shu kuni tumanda o‘tgan barcha bayram dasturlari turfa ranglarga burkangani barchani e’tiborida bo‘ldi. Zero, ranglar bilan bog‘liq tasavvurlar xalqimizda kecha yoki bugun paydo bo‘lmagan. Xalqimizning ranglarga munosabati tarixi ham juda qadimiy. Navro‘z haqidagi qo‘shiqlar yoki bitiklar, urf-odat, marosim, xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar barchasida ranglarga alohida urg‘u berilgan.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi. Olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi”.

Shunday ekan yurtimizda Navro‘z shodiyonalari ranglar jilosi ila yanada go‘zal va maftunkor tus olaveradi. Tinch va osoyishta yurtga bayramlar yarashadi. Navro‘zim – qadaming qutlug‘ kelsin!
O‘zA.