Zelenskiy: Tramp xiyonatini his qilyapman
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qarata zarba bilan bog‘liq cheklov bekor qilinganini aytdi. U “Financial Times” nashriga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar iltimosiga binoan RF energetika ishlab chiqarish korxonalariga hujum uch kun to‘xtagani, ammo Rossiya Ukraina energetika tarmog‘iga zarba berishda davom etganini ta’kidladi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, tanaffusga qaramay, Ukraina ballistik raketa uchirilishi haqida Amerikadan ogohlantirish olmagan va “Starlink” cheklovi front chizig‘idagi amaliyot va Rossiya harbiy inshootlariga zarba berish jarayonini murakkablashtirgan.
Hatto “Ruslar raketa hujumini davom ettirsa ham Kiyev zarbani yana to‘xtatishga rozi bo‘ladimi?” degan savolga Zelenskiy “Faqat qo‘shimcha Amerika “Patriot” tutuvchi raketalari evaziga” mazmunida javob bergan va buni “minimal talab” deb atagan.
Shuningdek, Ukraina Prezidenti britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida iste’foga chiqish va lavozimidan ketish niyati yo‘qligini aytdi. Trampning chaqirig‘iga qaramay, saylov o‘tkazishning iloji yo‘qligini ta’kidladi.
– Bizda har soat hujum bo‘ladi, – deya ta’kidladi Zelenskiy. – Shuning uchun, xavfsizlik nuqtai nazaridan saylov o‘tkazib bo‘lmaydi. Qolaversa, askarlarsiz Prezidentni saylay olmaymiz. Ular birinchi bo‘lib ovoz berishadi va menimcha bu adolatli.

Shuningdek, u Rossiya bilan dizel yonilg‘isi bo‘yicha kelishuvdan keyin Tramp tomonidan “xiyonat his qilayotgani”ni ta’kidladi.
– Kuchli sherikni yo‘qotayotganimiz achinarli, – degan yetakchi.
Ayni payt Ukraina razvedka ma’lumotining uchdan ikki qismini Yevropa mamlakatlari, asosan Parijdan olayotgani ham ma’lum qilingan.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro so‘zlariga ko‘ra, Yevropa razvedka ma’lumotining asosiy qismini Kiyevga taqdim etmoqda. Xususan, qit’a mamlakatlari Ukrainaga nishonni aniqlash uchun qo‘llanadigan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini berib kelyapti.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Tramp ma’muriyati Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbani to‘xtatish uchun NATO PURL mexanizmi va razvedka ma’lumoti almashinuvi orqali Kiyevga Amerika qurol-yaroq yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.
Tramp ma’muriyatining Kiyevga bosimi Ukraina muzokara pozitsiyasini zaiflashtirishi shubhasiz. Qolaversa, urushni uzaytirish Moskvaga qo‘shimcha imtiyoz berishiga ham ishonish mumkin.

Polsha Xalqaro munosabatlarni o‘rganish instituti (PISM) tahlilchilari Tramp strategiyasining muhim elementi mojaro tomonlariga bosim o‘tkazish assimetriyasidir, degan fikrni ilgari surmoqda.
Vashington Ukraina oldiga rus neft sektoriga hujumni cheklash talabini qo‘ygan. Rossiya esa yon berishga tayyorligini namoyish etmasdan, iqtisodiy imtiyoz olyapti.
PISM fikricha, Kiyev hujumi to‘xtashi ehtimoldan yiroq. Faqat AQSHning qurol yetkazib berish va razvedka ma’lumoti almashishni to‘xtatish tahdidi Kiyevni noqulay sulh shartini qabul qilishga majburlashi mumkin. Shuningdek, tahlilchilar bunday ssenariy Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSHga nisbatan tanqid kuchayishi, Vashingtonning Yevropadagi ittifoqchilar bilan munosabati yanada yomonlashishi xavfini tug‘dirishi turgan gap.
S.Rahimov, O‘zA