Zelenskiy AQSHdan mudofaa raketalari so‘radi (+video)
Zelenskiyning ta’kidlashicha Ukraina bu yil o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravar kam raketa-tutqich olgan. Shu sababli mamlakat havo himoyasi Rossiya tomonidan uchirilayotgan ko‘p sonli ballistik raketalarni to‘liq to‘xtata olmayapti. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Volodimir Zelenskiy AQSHdan Ukrainaga raketa-tutqichlar yetkazib berishni so‘radi. Uning aytishicha, Ukrainaga qishdan omon chiqish va odamlar hayotini saqlab qolish uchun AQSH zaxirasidagi raketalarning 5 foizi kerak.
«Agar bizga 5 foizini berishsa, qishdan omon chiqamiz va insonlar hayotini saqlab qolamiz. Agar 10 foizini berishsa, Rossiyaning barcha ballistik raketalarini yo‘q qila olamiz», — dedi Ukraina prezidenti CNN telekanaliga bergan intervyusida.
Zelenskiyning bu murojaati Kiyevga Rossiya hujumlari kuchaygan bir paytda yangradi. Oy boshidagi hujumlardan birida Ukraina havo mudofaasi poytaxtga uchirilgan 28 ta ballistik raketaning birortasini ham urib tushira olmagan.
Zelenskiyning aytishicha, hozir Ukrainada o‘tgan yilgiga nisbatan 2,5 baravar kam raketa-tutqich qolgan. Shu bilan birga, Rossiya hozir avvalgidan ikki baravar ko‘p raketa uchirmoqda.
Ballistik raketalarni urib tushirish qanotli raketalar yoki dronlarga qaraganda ancha qiyin. Chunki ular juda yuqori tezlikda harakat qiladi va tikroq trayektoriya bo‘ylab uchadi.
O‘tgan oyda Rossiya Ukrainaga 450 dan ortiq raketa uchirgan. Ularning qariyb 200 tasi ballistik trayektoriyada uchgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-PJd6IQxqZ0" title="Zelenskiy AQSHdan mudofaa raketalari so‘radi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, O‘zA