Zelenskiy AQSH vakillari bilan uchrashuvdan nimani kutmoqda? (+video)
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sentabr oyi oxiriga qadar AQSH delegatsiyasi bilan yana bir bor uchrashishini ma’lum qildi. Uchrashuvda oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, uchrashuv Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi doirasida tashkil qilinishi mumkin. Bu haqda DW xabar qildi.
Unda Zelenskiy Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va don eksporti masalasini ko‘tarmoqchi. U Ukrainadan don va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qora dengiz orqali olib chiqishga Rossiya to‘sqinlik qilayotganini aytdi.
Uning fikricha, Rossiya ba’zan muzokaralarni buzish yoki tomonlar o‘rtasidagi muloqotga xalal berish uchun hujumlarni kuchaytirishga harakat qiladi. Lekin shunday bo‘lsada, Volodimir Zelenskiy urushni to‘xtatish uchun muzokaralar va muloqotni davom ettirish kerak, deb hisoblaydi.
Shuningdek, Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujum qilayotgani sababli Kiyev AQSH vakillari bilan har kuni aloqada bo‘lib, energetika xavfsizligi masalalarini muhokama qilayotganini bildirdi. AQSH ham Rossiyadagi saylovlar va saylovoldi jarayonlari tugaganidan keyin muzokaralar qayta boshlanishiga umid qilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga tayyor ekanini aytdi. Shu bilan birga, Tramp Zelenskiy ham kelishuvga tayyor bo‘lishi kerakligini bildirdi.
AQSH Ukraina va Rossiya o‘rtasida muzokaralarni boshlashga yordam berish uchun vositachilik harakatlarini yana tikladi. Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskvaga borganidan keyin Putin Trampga Yevropaga nisbatan hech qanday tajovuzkor rejalar yo‘qligini ma’lum qildi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA