Zelenskiy: AQSH Eron sabab Kiyevga bosimni kuchaytirmoqda (+video)
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat Donald Tramp qarorlariga ta’sir qilmoqda. Uning fikricha, bu omil Trampning keyingi qadamlariga ham ta’sir qiladi.
Zelenskiy Reuters agentligiga bergan intervyusida AQSH Ukrainadan Donbassdan qo‘shinlarni to‘liq chiqarishni talab qilayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga katta hududlarni berish sharti bilan AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishni va’da qilgan. Ya’ni Vashington Donbassning to‘liq Rossiyaga topshirilishini talab qilmoqda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina o‘z qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqishga rozi bo‘lsa, AQSH yuqori darajada xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor.
Shu bilan birga, Zelenskiy Tramp urushni tezroq tugatishga intilayotganini, biroq Eron atrofidagi vaziyat bunga ta’sir qilayotganini aytgan. Uning fikricha, Tramp hozircha Kiyevga bosimni kuchaytirish strategiyasini tanlagan.
Zelenskiyning ogohlantirishicha, agar Ukraina armiyasi Donbassdan to‘liq chiqib ketsa, bu nafaqat Kiyev, balki butun Yevropa xavfsizligiga tahdid bo‘ladi. Chunki bu hududda kuchli mudofaa pozitsiyalari mavjud bo‘lib, ular Rossiya nazoratiga o‘tib ketishi mumkin.
U yana shuni ta’kidladiki, Ukraina va AQSH o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjat yanvar oyida to‘liq tayyor bo‘lgan. Ammo 24-mart kuni Mayamida o‘tgan muzokaralardan so‘ng, bu kelishuv hujjati ustida yana ishlash kerakligi ma’lum bo‘ldi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tomonlardan urushni yozgacha tugatishni talab qilmoqda. Nima uchun Tramp bunday talab qo‘ygan? Zelenskiy buning sababi sifatida AQSHdagi ichki siyosiy jarayonlarni ko‘rsatdi. Ya’ni, yoz oylarida AQSHda saylov kampaniyasi boshlanishi kutilmoqda va Amerika rahbariyatining asosiy e’tibori ichki masalalarga qaratilishi mumkin.
Shu bilan birga, Zelenskiy agarda muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, AQSH muzokaralar jarayonidan chiqib ketmasligiga umid bildirdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/0He4zZswPHc?si=OcrGyTaYsI2EuhoK" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA