Zaxira kadrlar uchun seminar
Buxoroda milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv seminari o‘tkazildi. Maxsus o‘quv kursi viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali va Buxoro davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.
– Maqsad viloyatdagi rahbar kadrlar hamda milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlarning professional salohiyati va boshqaruv mahoratini oshirishdan iborat, – deydi Buxoro davlat Pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov. – O‘quv kursi kadrlarning siyosiy-huquqiy, kasbiy bilimlarini yanada oshirish, keng jamoatchilik va aholi bilan muloqot qila olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
O‘quv seminari avvalida kitoblar ko‘rgazmasi va taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulari haqida ma’lumot beruvchi “Siyosiy-ma’rifat soati” darsiga qatnashdi.
[gallery-18336]
O‘quv seminarda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi. Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Davlat xizmatchisi avvalo xalq xizmatchisi bo‘lishi shart” tamoyili ostida olib borilgan ana shunday keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimizda davlat boshqaruvining o‘ziga xos modeli yaratilib, davlat xizmatchilarining yangi avlodi shakllandi.
Tasdiqlangan o‘quv dasturiga asosan seminarda sohaning tajribali amaliyotchi ekspertlari tomonidan davlat xizmatchilari uchun diplomatik protokol va etiket qoidalari, davlat xizmatchisining etikasi, kiyinish madaniyati - dress kod, rahbarning muloqot madaniyati va notiqlik, muzokara va munozara olib borish san’ati kabi mavzularda trening va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. O‘quv kursi davomida tinglovchilarning turli yo‘nalishlarda kompetensiyalari yanada oshiriladi, rahbarlik ko‘nikmalari rivojlantiriladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbiri