Zavoddan chiqayotgan tutun bartaraf etildi
Ekologik muammolar, atrof-muhitning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ammo ko‘p hollarda chiqindilarni yoqib yuborish oqibatida yoxud zavod va fabrikalardan chiqayotgan zaharli tutun havoni ifloslantirayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu kabi holatlarni bartaraf etish ekologiyamiz sofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Mirobod tumanida joylashgan zavodlarning birida kuchli zaharli tutunlar osmonga tarqalmoqda” mazmunida post e’lon qilindi. Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Ekologik partiyasi Mirobod tuman kengashi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, gaz plitalari ishlab chiqaruvchi “ARTEL ELEKTRONICS MANUFACTURING” zavodi hududida gaz veshalkalarining qizdirilishi jarayonida texnik nosozlik yuz berib, veshalkalardagi lak bo‘yog‘ining yonib ketishiga olib kelgan. Natijada ma’lum vaqt atmosferaga qora tutun tarqalgan.

Zavod rahbariyatining ma’lum qilishicha, bunday holat qayta takrorlanmasligi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Shuningdek, yuqorida aytib o‘tilgan texnika ekspluatatsiyasi uchun mas’ul xodimlarga xayfsan berildi.
Ta’kidlash joizki, ekologiya va atrof-muhit tozaligiga e’tibor qaratish, havoni ifloslantiradigan bu kabi holatlarni aniqlash va bartaraf etishda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish lozim.
M.Komilova,
O‘zA