Zavodda ishchi-xodimlar manfaati doimiy e’tiborda
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy ob’ektlarni o‘z ichiga olgan yirik majmua hisoblanadi.
Zavod tomonidan nafaqat ishchi-xodimlar, balki unga yaqin joylashgan hudud aholisini ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, zavod tomonidan barpo etilgan “Neftchi” shaharchasi, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, madaniyat saroyi, iqtidorli bolalar uchun litsey, 150 o‘rinli poliklinika, yoshlar mehmonxonasi, iqlimni yumshatish uchun sun’iy ko‘l aholi xizmatida.
So‘nggi yillarda “Neftchi” shaharchasi barcha zarur ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan o‘ziga xos maskanga aylandi. Bu yerda zavod xodimlari uchun barcha qulayliklarga ega 700 dan ortiq zamonaviy turar joy binolari barpo etilgan. Zamonaviy madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlar qurilib foydalanishga topshirildi.
Virusga qarshi kurash choralarini yuqori saviyada tashkil etish, zavoddagi tibbiyot muassasalariga manzilli yordam ko‘rsatish uchun “COVID-19” pandemiyasining tarqalishiga qarshi "Birgalikda yengamiz!" dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash va sanoat korxonalaridagi ishchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga oladi.
[gallery-2383]
O‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zavod oksigeneratorlari (kislorod namlantirgichi), kardiomonitorlari, impuls oksimetrlari, ekspress-testlar, kimyoviy dorilar va tibbiyot xodimlari uchun himoya kostyumlari kabi tibbiyot uskunalari sotib olingan. Import qilingan asbob-uskunalar va dori-darmonlarning bir qismi Qorovulbozor shahridagi kasalxonalarga yetkazilgan.
Viloyat sanitariya-epidemiologiya xizmatining PZR laboratoriyasi (polimeraza zanjiri reaksiyasi) uchun uskunalar to‘plami zavod tomonidan sotib olindi. Suyuq kislorodning barcha talab va standartlarga muvofiqligi to‘g‘risida ijobiy sanitariya-epidemiologiya xulosasi olinganidan so‘ng zavod tarixida birinchi marta viloyatdagi kasalxonalarga yetkazib berish uchun suyuq kislorod quyish amalga oshirildi. Kislorod ishlab chiqarish zavodning Bug‘-havo-gaz ta’minoti sexining azot-kislorod stansiyasida amalga oshirilmoqda.
Zavodda COVID-19 infeksiyasi yuqishini oldini olish va insonlar hayotini saqlab qolish uchun barcha ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, muntazam o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik natijalari asosida va ishchi-xodimlarning talabidan kelib chiqib har yili respublika shifoxonalari va sanatoriylarga yo‘llanmalar beriladi. Korxona xodimlarining maktab yoshidagi mingga yaqin bolalari yozgi ta’tilda "Neftchi" yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida dam oladi.
Bularning barchasi zavod ishchi-xodimlari ish samaradorligi va turmush farovonligini oshirish, mamlakatimizning yoqilg‘i mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA