Zangori yoqilg‘i – qonundan tashqari emas
Tabiiy gaz – oddiy iste’mol ne’mati emas. Uning ortida ulkan infratuzilma, minglab kilometr gaz tarmoqlari, katta mablag‘ va eng muhimi, yurtdoshlarimiz xonadonlarining osoyishtaligi va xavfsizligi mujassam. Shu bois “zangori yoqilg‘i”dan foydalanishda belgilangan tartiblarga rioya qilish nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy mas’uliyat hamdir.
Bugun yurtimizda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ularning noqonuniy sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ta’minot tizimida shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan kommunal va energetika sohalarida hisob-kitoblarni raqamlashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va noqonuniy holatlarni barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu talab va yondashuvlardan kelib chiqib, Buxoro viloyatida ham tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash borasida nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari davomida ana shunday holatlarning biri Buxoro shahrida aniqlandi.
Shaharning Namozgoh ko‘chasida yashovchi fuqaro M.A.ning xonadoni tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkazilganda, iste’molchi ta’minotchi korxona bilan belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtirmasdan, tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani ma’lum bo‘ldi.
Ya’ni, xonadonga yetkazib berilayotgan gazdan foydalanish uchun zarur rasmiy tartiblar chetlab o‘tilgan. O‘tkazilgan qayta hisob-kitob natijasi esa masalaning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatdi: ta’minot korxonasiga 69 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Bu shunchaki hisob-kitobdagi raqam emas. Bu qonun-qoidalarga rioya qilinmasligi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy zararning aniq ifodasidir.
Buxoro tumanida aniqlangan holat esa yana bir muhim masalaga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ko‘chkumar mahallasida yashovchi fuqaro B.Sh.ning xonadoni tekshirilganda, u elektron gaz hisoblash uskunasisiz tabiiy gazdan foydalanib kelayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qayta hisob-kitob qilingan. Natijada 74,1 million so‘m miqdorida mablag‘ hisoblangan. Ikki holatning o‘zida qayta hisoblangan zarar miqdori 143,1 million so‘mga yetmoqda.
Bir qarashda bu raqamlar shunchaki statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo uning zamirida jamiyat manfaati, resurslarning qadri va qonuniylikka bo‘lgan munosabat masalasi bor.
Tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki hisobga olish vositalarisiz undan foydalanish, avvalo, qonun talablariga zid. Bunday holatlar ta’minot tizimida muvozanat buzilishi, resurslarning nazoratsiz sarflanishi va halol iste’molchilar manfaatlariga zarar yetishiga olib kelishi mumkin.
Eng achinarlisi, ba’zan ayrim fuqarolar noqonuniy ulanish yoki hisoblagichga aralashishni “gazdan biroz tejab qolish” sifatida qabul qiladi. Aslida esa bu harakatning oqibati bir necha barobar og‘ir bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi misollar buning yaqqol dalilidir.
Shuning uchun har bir xonadon egasi tabiiy gazdan foydalanishda shartnoma, hisoblagich, texnik talablar va hisob-kitob tartibiga qat’iy amal qilishi zarur. Bu nafaqat jarima yoki qayta hisob-kitobdan saqlanish, balki o‘z oilasi xavfsizligi, qo‘shnilar osoyishtaligi va jamiyat manfaatini himoya qilish demakdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri