Zamonaviy yondashuv – g‘allachilikda mo‘l hosil garovi
FOTOREPORTAJ
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuv, yerga e’tibor va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida hamda sifatli bajarish mo‘l hosil yetishtirishning muhim omillaridan hisoblanadi.
O‘tgan mavsumda erta ekilgan bug‘doy maydonlarida har yilgidan ertaroq va yuqori hosildorlik qayd etildi. Bu tajriba joriy yilgi g‘alla ekish mavsumida ilg‘or agrotexnologiyalardan samarali foydalanish muhimligini ko‘rsatmoqda.
Shu maqsadda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Gulxumor” fermer xo‘jaligida 2027-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishga yer tayyorlash, ekish, shuningdek, ekilgan maydonlarni sug‘orish va bir tekis undirib olish bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy seminar o‘tkazildi.
[gallery-31387]
Unda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi birinchi o‘rinbosari N. Xudoyberdiyev, tuman hokimi boshchiligidagi Ishchi guruh vakillari ishtirok etdi. Tadbirda g‘alla yetishtirishda zamonaviy agrotexnik tadbirlarni joriy etish, yerni sifatli tayyorlash, ekish muddatlariga rioya qilish hamda maydonlarni o‘z vaqtida sug‘orish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Joriy mavsumda tumanda 2027-yil hosili uchun 6 ming 950 gektar maydonda boshoqli don ekinlari yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 200 gektari ochiq maydonlarga, 6 ming 750 gektari g‘o‘za qator oralariga ekiladi. G‘alla maydonlari 456 ta konturga joylashtirilgan.
Ekish mavsumini qisqa muddatlarda va sifatli tashkil etish maqsadida tumanda 13 ta yer tayyorlash va ekish otryadi tashkil etildi. Har bir otryadga rahbarlar tayinlanib, moddiy resurslarni yetkazib berish, agrotexnik tadbirlarni tashkil etish hamda ekinlarni sug‘orib, bir tekis undirib olish ishlariga mas’ullar biriktirildi.
Bu esa g‘alla ekish jarayonini tizimli tashkil etish, har bir gektardan yuqori hosil olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA