Zamonaviy yangi maktablar foydalanishga topshirilmoqda
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodga munosib sharoit yaratish bo‘yicha davlat siyosati doirasida zamonaviy talablarga mos tarzda bunyod etilgan umumta’lim maktablari foydalanishga topshirilmoqda.
Xususan, poytaxtimizdagi Yashnobod tumanining Bog‘bon mahallasida 360-sonli umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi.

Ushbu 1650 o‘rinli maktabda keng va yorug‘ sinfxonalar, zamonaviy laboratoriyalar, kompyuter xonalari, sport zali, faollar zali, oshxona hamda ochiq sun’iy qoplamali futbol maydonchasi mavjud.
Yangi maktabning ochilishi hududdagi o‘quvchilar uchun qulaylik yaratib, uzoq masofaga qatnab o‘qish zaruratini kamaytiradi hamda ikki smenali ta’limni qisqartirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, aholi sonining ortib borishi va mahallalarning kengayishi sababli Olmazor tumanidagi umumta’lim maktablarida ham qurilish va rekonstruksiya ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan, investitsiya dasturi doirasida 224 sonli umumta’lim maktabida 990 o‘rinli, 4 qavatli yangi qo‘shimcha bino barpo etildi. Maktab sig‘imi sezilarli darajada oshirilib, o‘quvchilar zichligi kamaytirildi. Shuningdek, bino zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan, alohida ehtiyojga ega bolalar uchun ham barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA