“Zamonaviy trener dasturi” o‘quv haftaligi davom etmoqda
Poytaxtimizdagi Muhammad Al-Xorazmiy nomli axborot texnologiyalari maktabida “Zamonaviy trener dasturi” nomli o‘quv-mashg‘ulot haftaligi qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda kechyapti.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan tashkil etilgan, 120dan ziyod pedagog ishtirok etayotgan ushbu o‘quv dasturida darslar interaktiv shaklda, qiziqarli mashg‘ulotlarga boy o‘tyapti.

— O‘zbekiston ta’lim tizimi ham zamon bilan hamnafas o‘zgarmoqda, — deydi anjuman qatnashchisi Nargiza Qo‘chqorova. — Xalqaro maydonda mavqeimizni mustahkamlash uchun, malakali, jahon mehnat bozori talabiga javob beradigan, salohiyatli kadrlarga ehtiyoj sezamiz. Zero, XXI asr yoshlarini o‘tgan asr ta’lim metodikasi bilan o‘qitib bo‘lmaydi. Shubhasiz, nimalarnidir o‘zgartirishimiz kerak. Bu jarayon, avvalo, o‘qituvchilardan boshlanadi.

Mashg‘ulot davomida ishtirokchi o‘qituvchilar bilan birgalikda turli xil musobaqalar tashkil etildi. Jumladan, zakovat o‘yini barchada o‘ziga xos taassurot qoldirdi. Qatnashchilar o‘quv mashqlari chog‘ida auditoriya bilan ishlash, kichik guruhga dars o‘tish, o‘z fikr-mulohazasini bayon etish, o‘quvchi bilan ijodiy muloqotga kirishish muhitini yaratish ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha tajriba almashishdi.
— Turli fanlar bo‘yicha murabbiyllar uchun o‘tkazilayotgan bu kabi treninglar davomida ishtirokchilar orttirgan tajribasini, o‘z navbatida, viloyatlardagi o‘quv dargohlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarga yetkazadi, — deydi trener Saodat Tojiboyeva. Bu biz “Train-the-trainers” (trenerlarni mashg‘ulotga tayyorlash) loyihasi doirasida erishgan asosiy yutuqlarimizdan biri hisoblanadi.

Qayd etish joiz, mashg‘ulotlar o‘zbek tilida olib borilyapti. Haftalik ertaga yakunlanadi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA