Zamonaviy tibbiy jihozlar aholi xizmatida
Buxoro viloyatidagi barcha tuman tibbiyot birlashmalari 13 ta statsionar va 2 ta mobil mammograf apparati bilan taminlandi. Ushbu apparatlar yordamida har yili 100 mingga yaqin 40-60 yoshdagi ayollar profilaktik ko‘rik, ya’ni skrining tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Mazkur uskuna ko‘krak sut bezi saratonini erta aniqlash, ya’ni 1-2-bosqichda tashxislash imkonini beradi. Bemorlarni davolash natijasi 50-60 foizga yaxshilanadi. O‘lim holatlari kamayishiga erishiladi.

Onkologiya sohasida o‘ziga xos inqilob yasab turgan mazkur zamonaviy apparatlar bugun dunyo tibbiyotida samarali qo‘llanilmoqda. U avvalo, ko‘krak sut bezi saratonini dastlabki bosqichlardayoq tashxislash hamda rak oldi kasalliklarini aniqlash, ushbu bemorlarni sog‘lomlashtirish imkoniyatini beradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra xavfli o‘sma xastaliklari bilan kasallanish ko‘rsatkichlari yildan-yilga ortib bormoqda. 2020 yilda dunyo bo‘yicha 19,3 million onkologik kasallik tashxisi bilan bemorlar kasallanib, shu kasallik oqibatida 10 million bemor vafot etgan.
Hozirgi kunda ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida ko‘paymoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha har o‘ninchi ayol ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanish xavfli guruhiga kiradi. Ulardan bir yilda dunyo bo‘yicha 2,3 million ayol sut bezi saratoniga chalinadi. Dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda sut bezi saratoni birinchi o‘rinda turib, har yili 2500-3000 taga yaqin bemorlar sut bezi xavfli kasalligi bilan nazoratga olinadi.

Mana shunday zamonaviy 2 ta mobil mammograf apparati viloyatning Qorovulbozor va Kogon shaharlarining tibbiyot birlashmalariga topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA