Zamonaviy suzish havzasi
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi rekonstruksiya qilinib, uning tarkibida yopiq zamonaviy suzish havzasi barpo etildi.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi rekonstruksiya qilinib, uning tarkibida yopiq zamonaviy suzish havzasi barpo etildi.O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 4,7 milliard so‘mlik mablag‘i evaziga bunyod etilgan majmuani foydalanishga topshirish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida buyuk kelajagimiz bunyodkori bo‘lgan navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Eni 11, bo‘yi 25 metr bo‘lgan suzish havzasi va uning chetidagi 200 tomoshabinga mo‘ljallangan tribuna xalqaro standartlarga to‘la javob beradi. Bu yerda yoshlarning suzish bilan muntazam shug‘ullanishi va mahoratini oshirib borishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Buxoro “Loyihasuvqurilish” instituti loyihasi asosida barpo etilgan inshootning peshtoqi qurilishi va havza ichki devorlarini namlik ta’siridan muhofaza etishda zamonaviy binokorlik materiallaridan keng foydalanilgan.
– Sportning suzish turiga juda qiziqaman, – deydi 21-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mansur Saidov. – Sinfdoshlar bilan ta’til payti Navoiy viloyati markazidagi suzish havzasiga qatnardik. Mana endi, o‘zimizning chiroyli havzamiz bor.
Kuniga 500 dan ziyod kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega inshootda sportning basketbol, kurash, minifutbol, qo‘l to‘pi, suzish va boshqa o‘nlab turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.