Zamonaviy savdo majmuasi aholi xizmatida
Namangan viloyatidagi “Art Soft Holding” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi tashkilot va korxonalar tomonidan aholini ish bilan ta’minlash borasida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Namangan shahrining Chorsu mahallasidagi sobiq “Ximzavod” o‘rnida barpo etilgan binoda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i savdo majmuasining ochilgani shular jumlasidandir. Majmuaning qurilish va bunyodkorlik ishlariga 5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflandi.
Supermarketdan tashqari, uch qavatli zamonaviy binoning yuqori qavatlarida kelgusida savdo va umumiy ovqatlanish yo‘nalishidagi “Furd kort” loyihalari ishga tushiriladi. Xususan, kiyim-kechaklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi “butiklar”, kafe va restoronlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
– Bunday zamonaviy supermarketlarni oldinlari poytaxtimizda ko‘rib, bizning hududlarda ham ochilsa, deb havas qilardik, – deydi mehnat faxriysi Jobirxon Sodiqov. – Savdo majmuasida kundalik turmush uchun zarur buyum va mahsulotlar mavjud. Shuning uchun ham shahrimizda zamonaviy supermarkat ochilganidan xursandmiz.
Yangi ochilgan savdo markazining o‘zida 70 nafar hamyurtimizning bandligi ta’minlandi. Kelgusida esa bunday ish o‘rinlari sonini 200 taga yetkazish rejalashtirilgan. Aholiga sifatli va arzon savdo xizmatini ko‘rsatuvchi bunday zamonaviy supermarketlardan yana beshtasini kelgusida viloyat tumanlarida ham ochish ko‘zda tutilgan.
Savdo majmuasining ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA