Zamonaviy qurilmalar gazni tejaydi
Poytaxtimizning Olmazor tumani gaz ta’minoti korxonasida aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gazdan samarali foydalanish va hisobini yuritishning zamonaviy qurilmalari ko‘rgazmasini tashkil etish bo‘yicha ekologik aksiya tashkil etildi.
Poytaxtimizning Olmazor tumani gaz ta’minoti korxonasida aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gazdan samarali foydalanish va hisobini yuritishning zamonaviy qurilmalari ko‘rgazmasini tashkil etish bo‘yicha ekologik aksiya tashkil etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni, xususan, tabiiy gazdan foydalanishga va hisobini yuritishga mo‘ljallangan tejamkor asbob-uskunalarni namoyish qilish orqali keng jamoatchilikni tabiiy gazdan samarali foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va tabiiy gazdan samarali foydalanish borasida mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan. Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, gaz yetkazib berish jarayonining samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy texnologiyalarni, energiya tejamkor gaz qurilmalarini va ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etish bugungi kundagi asosiy vazifalardan sanaladi.
Bu kabi talablardan kelib chiqib, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati joylarda gaz iste’molchilariga energiya tejamkor – avtomatlashtirilgan gaz-yongich qurilmalari va ularning afzalliklari yuzasidan tushuntirish ishlari olib bormoqda. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining aholiga qulay bo‘lgan markazlarida zamonaviy energiya tejamkor – avtomatlashtirilgan gaz-yongich va zamonaviy suv isitish qozonlari bilan savdo qiladigan jami 25 do‘kon ishga tushirildi. Bu gaz-yongichlar tabiiy gaz hajmini 30-35 foizgacha tejash bilan birga gazdan foydalanish davrida avtomatik tarzda xavfsizlikni ta’minlash imkonini yaratadi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi axborot xizmati rahbari Erkin Omonovning ma’lum qilishicha, ushbu tadbir aholini tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va yangiliklar haqida xabar berish barobarida ularni tejamkorlikka chaqirishda muhim ahamiyatga ega. Negaki, ushbu manba ham tuganmas emasligi, aksincha, gazni tejab-tergab ishlatish har birimizning kelajak avlod uchun mas’ulligimizni oshiradi.
Ekologik aksiya doirasida aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz hisobini yuritishning zamonaviy qurilmalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Tadbir yakunida “Hududgazta’minot” aksiyadorilk jamiyati xodimlariga O‘zbekiston ekologik partiyasining a’zolik biletlari tantanali ravishda topshirildi. San’at ustalarining kuy-qo‘shiqlari esa ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.