Zamonaviy qurilish industriyasi shakllanadi...
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida ilm-ma’rifat va zamonaviy texnologiyalar rivojiga yuqori e’tibor qaratdilar.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida ilm-ma’rifat va zamonaviy texnologiyalar rivojiga yuqori e’tibor qaratdilar. Bu bejiz emas albatta. Ilm –ma’rifatli xalq doim o‘z haq-huquqlari uchun kurashadi, maqsadlariga erisha oladi. Bugun mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yil sayin kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun malakali quruvchilar va loyihachilar, iqtisodiyoti barqaror korxonalar kerak bo‘ladi.
Yurtboshimiz yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlash bilan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning intellektual, zamonaviy bilim salohiyatlarini oshirish, mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirishga poydevor qo‘ydi. Murojaatnomada Prezidentimiz “Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish lozim”, deb ta’kidladi. Chunki, qurilish industriyasi mamlakatimiz shaharu qishloqlarini obod bo‘lishiga, shaharsozlik tajribasida zamonaviy uy-joylar, infratuzilma ob’ektlarini sonini oshishida katta rol o‘ynaydi.
Innovatsiyasiz kelajak yo‘q. Bugungi kunda bu ibora har bir sohada yangrayotgani va aynan innovatsiya orqali hayotga chin ma’noda zamonaviy yangiliklarni olib kirmoqda. Shu bois Yurtboshimiz murojaatida, “...Hozirgi vaqtda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biriga aylandi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun qurilishga oid normalarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy qurilish texnologiyalari va materiallarini tatbiq etish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur”, deya alohida ta’kidlab o‘tdi.
Navoiy shahrida joylashgan “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi qurilish, mehmonxona va restoran xizmati, to‘qimachilik, metall konstruksiyalar, temir-beton, g‘isht, ohak, tuz kabi mahsulotlarini ishlab chiqarish, meva-sabzavotchilik yo‘nalishlarida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Kompaniya o‘z oldiga yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish orqali o‘z milliy brendini yaratish hamda zamonaviy arxitektura talablari asosida sifatli uy-joylarni barpo etishni maqsad qilib qo‘ygan. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar mahalliy bozor talablarini qondirish bilan birga chet elga ham eksport qilinmoqda.
Tadbirkorlikda yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘ymasdan halol va vijdonan faoliyat yuritishni, yangi ish o‘rinlarni yaratishni maqsad qilib olganmiz. Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Finlyandiya, Turkiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari bilan uzoq yillik hamkorlik shartnomalariga egamiz. Qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmini kamida ikki barobarga oshirib, yirik shaharlarda ko‘pqavatli turar-joylar va ijtimoiy ob’ektlar bunyod etilmoqda. Jonajon Vatanimiz “milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” ezgu g‘oyasi asosida shaxdam qadamlarda taraqqiy etmoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi yaqin besh yillikdagi ulug‘vor vazifalar va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish, jamiyatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirishda barchamiz uchun dasturulamal bo‘ladi. Parlamentimiz oldida esa mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, xalqimiz turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qiladigan zaruriy qonunlarni qabul qilish vazifalari turibdi.
O‘ylaymanki, jamiyatimizning barcha qatlamlari, jumladan tadbirkorlar ham kelgusidagi faoliyatini to‘g‘ri tashkil etib, aniq maqsadlarni ko‘zlagan loyihalarni amalga oshirsa, xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi.
Ulug‘bek FAYZIEV,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
“Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi