Zamonaviy mebellar – xonadonlar ko‘rki
...Dilobar yangi uyga ko‘chib o‘tgach, qarindosh-urug‘, do‘st-birodar, qo‘shnilarni taklif etdi. Mehmonlarning yangi uydagi sharoitlar, xonalarga ko‘rkamlik bag‘ishlab turgan mebellarga havasi keldi.
...Dilobar yangi uyga ko‘chib o‘tgach, qarindosh-urug‘, do‘st-birodar, qo‘shnilarni taklif etdi. Mehmonlarning yangi uydagi sharoitlar, xonalarga ko‘rkamlik bag‘ishlab turgan mebellarga havasi keldi.– Bu mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mebellar, – dedi Dilobar dugonasining sinchkov nigohlariga javoban. – Ko‘rib turganingizdek, sifati yuqori, ko‘rinishi bejirim.
Suhbatga yoshi ulug‘ onaxon qo‘shildi:
– Bundan chorak asr ilgari qizimning sepiga bitta kiyim javoni sotib olish uchun butun bozorni kezib chiqqanimiz hali esimdan chiqmaydi. O‘sha vaqtlarda bozordagi bir-ikki do‘konda mebel bo‘lar, ular ham asosan chetdan keltirilar edi. Narxi qimmatligidan jihozlarni olishga qurbimiz yetmay, uyga qaytganmiz. Shukrki, bugun uyimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan mebellar yurtimizda ishlab chiqarilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Toshkent shahridagi “Garant mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati mebel ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biridir. Bu yerda yotoqxona, mehmonxona, oshxona, bolalar mebellari tayyorlanmoqda.
Korxonaga qarashli do‘konlardan mijozlar o‘z didiga mos jihozlarni xarid qilishi, dizaynerlar yordamida tanlashi, maslahat olishi mumkin. Mahsulotlar turli tashkilotlar, ta’lim dargohlari, sog‘liqni saqlash muassasalariga ham yetkazib berilmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish jarayoniga Germaniya, Italiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish tufayli mahsulot sifati yaxshilanib, hajmi kun sayin ortmoqda. Korxona har yili turli ko‘rgazma va tenderlarda faol qatnashib kelayotir. Jumladan, o‘tgan yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan auditoriyalar, o‘quv-laboratoriya xonalari, komputer texnikasi, sport inventarlari uchun maxsus mebellar xaridi bo‘yicha o‘tkazilgan tender savdolarida g‘olib bo‘ldi.
– Ushbu vazirlik bilan ikki milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzoladik, – deydi “Garant mebel” MChJ direktori Olim Muhamedov. – Bundan tashqari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 80 dan ortiq korxona va tashkilot, ta’lim va tibbiyot muassasasi bilan doimiy hamkorlik o‘rnatilgan.
Korxonaning Jizzax, Samarqand, Termiz, Qo‘qon shaharlarida bo‘limlari mavjud. Qarag‘ay, yong‘oq va chinor yog‘ochlaridan mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Jamoa a’zolarining qariyb 80 foizi kollej bitiruvchilaridir.
– Bu yerga kelganimda bejirim mahsulotlarni ko‘rib, to‘g‘risi, men ham shunday zamonaviy mebellar tayyorlay olishimga ishonmagandim, – deydi korxona ishchisi Javohir Jovliyev. – Kollejda olgan nazariy bilimlarimizni amaliyot bilan umumlashtirib, tajribali mutaxassislardan kasbimiz sir-asrorlarini puxta o‘rganishga harakat qilmoqdamiz. Maoshlarimiz yaxshi, qilayotgan ishimizdan zavqlanamiz.
Amaldagi sifat standartlariga mos barcha mahsulotlar allaqachon ichki bozorda o‘z xaridorlarini topgan. Korxona mutasaddilari kelajakda tashqi bozorga ham mahsulot chiqarishni maqsad qilib qo‘ygan.