Zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Smart Communications” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida “Artel” brendi ostida uyali aloqa vositalari ishlab chiqarilmoqda.
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Smart Communications” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida “Artel” brendi ostida uyali aloqa vositalari ishlab chiqarilmoqda.Mamlakatimizda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, raqobatbardosh va eksportbop zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni yanada kengaytirish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish yo‘lida yanada qulay shart-sharoit yaratishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Iste’molchilar didiga mos zamonaviy uyali aloqa vositalari ishlab chiqarmoqdamiz, – deydi qo‘shma korxona hisobchisi F.Bahronov. – Korxonada 2015-yilda atigi bir turdagi mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 5 taga yetdi. Ayni paytda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
O‘tgan yili Mahalliylashtirish dasturi asosida uyali telefonning tashqi qismini quyish yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘tgan yilning o‘zida 3 milliard 170 million so‘mlik zamonaviy dizayndagi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Korxonada kasb-hunar kollejlarini bitirgan 20 dan ortiq yosh mutaxassis mehnat qilmoqda.
– Navoiy informatika va elektron sanoat kasb-hunar kollejini bitirib, shunday zamonaviy korxonada ishlayotganimdan faxrlanaman, – deydi Nafisa Ravshanova. – Tayyorlayotgan mahsulotlarimiz barcha talablarga javob berishini tekshirish uchun maxsus zamonaviy laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi. Bu mahsulotning sifati xaridor talabiga mos kelishiga xizmat qiladi.