Zamonaviy kasblarni o‘zlashtirishda yangi tajriba (+video)
2019 yilda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida poytaxtimizda “TEXNOPARK” MCHJ tashkil etiladi. Bu yerda asosan yuqori texnologiyali, raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Majmuaga ajratilgan 128 gektar maydonning 103 gektarida 15ta yirik ishlab chiqarish korxonalari joylashgan bo‘lib, 50 xil mahsulot tayyorlanadi. Masalan, elektron gaz hisoblagichlar, maishiy sovutgichlar, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, eshik va deraza romlar uchun furnitura va aksessuarlar, panelli radiatorlar, metall konstruksiyalar, kir yuvish mashinalari, mis quvurlar, refnetlar, sanoat suv isitish qozonlari, quyosh kollektorlari va suv isitgichlar kabi o‘nlab bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqariladi. Bu yerda 5 ming nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
Albatta bunday yuqori texnologik mahsulotlarni tayyorlashda korxonalarga salohiyatli kadrlar zaxirasi zarur. Shu maqsadda 2020 yil “TEXNOPARK” MCHJ qoshida “O‘quv markazi” tashkil etildi. Uning qulayligi shundaki yangilangan, takomillashgan mahsulotlar ishchilar tomonidan tezda o‘zlashtiriladi. Shuningdek, sanoat va qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishchi va xodimlarini qisqa muddatda kasbga o‘qitish, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.
- Fan va texnika rivojlangan bugungi davrda kompyuterlar, robotlar yoki elektrotexnika sohasida katta taraqqiyot kuzatilyapti, - deydi “TEXNOPARK” MCHJ qoshidagi “O‘quv markazi” rahbari Botir Babatullayev. – Avvalgi yo‘nalishlarimizda payvandlash sohasini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsak, endi AyTi va elektronika sohasiga ko‘proq urg‘u bermoqchimiz...
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xrfcLVp7hw8" title="Zamonaviy kasblarni o‘zlashtirishda yangi tajriba" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aytish kerakki, bugungi kunda yurtimizda ishlab chiqarish korxonalari soni yildan-yilga ko‘payib borar ekan, malakali kadrlar zaxirasini yaratishda o‘quv markazida qo‘lga kiritilgan tajribalardan “andoza” olsa arziydi. Har yili yurtimizda o‘rtacha 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu 150 ming atrofida yangi ish o‘rni degani. Zero, mahsulot sifati ularda mehnat faoliyatini olib boradigan mutaxassislar malakasiga bevosita bog‘liqdir.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA