Zamonaviy kadrlar tayyorlash uchun konsorsiumga asos solindi
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida Huquqni muhofaza qiluvchi organlar oliy ta’lim tashkilotlari konsorsiumini tashkil etishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi mutaxassislari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda konsorsium a’zolari — Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti va Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi rahbarlari, ekspertlar hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Konsorsiumning asosiy maqsadi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun xalqaro standartlarga mos, yuqori malakali, halol va vatanparvar kadrlar tayyorlashga xizmat qiladigan zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirishdan iborat.

Jamoat xavfsizligi universiteti axborot xizmati boshlig‘i Jasur Uralovning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus sohadagi ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
— Konsorsiumning tashkil etilishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash tizimida yagona yondashuvni shakllantirish, ta’lim sifati va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu tashabbus raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash uchun mustahkam poydevor yaratadi, — dedi Jasur Uralov.
Tadbirda taqdim etilgan «2030-yil strategiyasi» doirasida tizimni amaliyotga yo‘naltirilgan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan, mintaqada yetakchi hamda jahonda e’tirof etilgan kadrlar tayyorlash markaziga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Muhokamalar yakunida istiqboldagi hamkorlikning ustuvor vazifalari sifatida yagona kompetensiyalar modeli (CCF)ni joriy etish, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va a’zo oliygohlarning infratuzilmasidan o‘zaro foydalanish,
Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt yechimlarini joriy qilish, yagona LMS platformasi, elektron portfolio hamda VR/AR texnologiyalarini keng qo‘llash kabi bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Loyiha tomonlarning o‘z mablag‘lari, davlat dasturlari va xalqaro grantlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Mutasaddilarning fikricha, konsorsium faoliyati sohada uzluksiz kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish hamda jamiyat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA