Zamonaviy inshootlar – yosh avlod xizmatida
Surxondaryo viloyatida joriy yilda 36 yangi bolalar sporti inshooti barpo etish, uchtasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida joriy yilda 36 yangi bolalar sporti inshooti barpo etish, uchtasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor farzandlarimizning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi, ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2003-2014-yillarda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyatda 83 maktab sport zali, beshta suzish havzasi, o‘ttiz olti namunaviy sport inshooti, o‘n yettita bolalar musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etildi, tubdan rekonstruksiya qilindi. Hech kimdan kam bo‘lmagan yosh avlodni voyaga yetkazishdek olijanob maqsadlarga xizmat qilayotgan ushbu inshootlar qurilishi uchun 65 milliard so‘mga yaqin mablag‘ safrlandi.
– Bolalar sportini rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik barcha sharoitlarga ega zamonaviy inshootlarda sport seksiyalari sonini ko‘paytirish, yoshlar o‘rtasida sportning ommaviyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali direktori Faxriddin Abdurasulov. – Masalan, 2013-yili viloyatdagi bolalar sporti inshootlarida 612 sport seksiyasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 655 tadan oshdi. Sport obyektlarining kunlik o‘rtacha bandligini 2013-yil bilan taqqoslaganda 9,2 soatdan 9,8 soatga yetdi.
Bunday zamonaviy sharoitlarda jismonan toblanib, ma’nan yuksalayotgan o‘g‘il-qizlar nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz yoshlari hech kimdan kam emasligini namoyon etmoqda. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi endilikda nafaqat zamonaviy inshootlar qurilishi, balki sayyoramizning turli davlatlarida bo‘lib o‘tayotgan musobaqalarda ishtirok etish istagini bildirayotgan yosh sportchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, 2014-yil mazkur jamg‘arma mablag‘lari hisobidan surxondaryolik 34 yosh sportchi dunyoning turli davlatlarida o‘tkazilgan o‘nga yaqin xalqaro bellashuvlarda 5 oltin, 5 kumush va 11 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ularning 9 nafari qizlar ekani yanada quvonarlidir. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning o‘nga yaqin yoshlari dunyoning turli davlatlaridan oltin, kumush va bronza medallar bilan qaytdi.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 2015-yilga mo‘ljallangan dasturi doirasida bu yil ham vohada bir necha zamonaviy sport inshootlari bunyod etilmoqda. Sho‘rchi tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi qoshida barpo etilayotgan yopiq suzish havzasi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 46-umumta’lim maktabida beshinchi tip bolalar sport majmuasida yosh avlod uchun barcha qulaylik yaratiladi. Angor, Oltinsoy, Boysun, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo tumanlaridagi o‘ttiz to‘rtta umumta’lim maktabi qoshida bunyod etilayotgan zamonaviy sport zallari o‘quvchi-yoshlarni sportga yanada keng jalb etishga xizmat qiladi. Qiziriq, Uzun, Muzrabot tumanlaridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari inshootlari tubdan rekonstruksiya qilinayotir.
– Barpo etilayotgan yopiq sport zali va qo‘shimcha xonalarda yoshlar sportning o‘zlari qiziqqan turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda, – deydi “Kafolat – Termiz” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shoyim Elomonov. – Bu sport inshooti yoshlarimizning xalqaro miqyosda Vatanimiz sharafini ulug‘lashiga xizmat qilishini o‘ylasam, kasbimdan, qilayotgan ishimdan g‘ururlanib ketaman.
Viloyatda maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining rivojlanishida sportning ommaviyligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlili yo‘lga qo‘yilgan. Monitoring natijalariga ko‘ra, sport bilan muntazam shug‘ullanish bolalarning antropometrik ko‘rsatkichlari dinamikasi o‘zgarishida, kasallanish darajasining pasayishida ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bolalarning jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishi ularning vazn va bo‘y o‘sishidagi o‘zgarishlarda yaqqol ko‘zga tashlanayotir. 2004-yil yetti yoshdagi o‘g‘il bolalar vazni 20,2 kilogrammni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili 25,5 kilogrammga yetdi. Shu davrda o‘n to‘rt yoshdagi o‘g‘il bolalar vazni 42,2 kilogrammdan 47 kilogrammgacha oshdi. Xuddi shunday yetti, o‘n va o‘n to‘rt yoshdagi qizlar vaznida 3,2, 6,9, 6,4 kilogramm o‘sish bo‘lgani kuzatildi. So‘nggi o‘n yilda ularning bo‘y o‘sishida uch-besh santimetr o‘zgarish ro‘y berdi.
– 2004-yilda viloyatda umumiy sog‘lom bolalar 60,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 74,3 foizga yetdi, – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Abdusamad Norqobilov. – O‘n yilda yengil xastaliklar bilan kasallangan bolalar 8,6, surunkali kasalliklarga uchragan o‘g‘il-qizlar 5 foizga kamaydi. Yurtimizda qad rostlayotgan yangi, zamonaviy bolalar sporti inshootlari ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.