Zamonaviy inshoot aholi xizmatida
Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida joylarda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Ayniqsa, bayram arafasida shahar va tumanlarda, chekka ovullarda ko‘plab yangi va zamonaviy inshootlar qad rostlab, foydalanishga topshirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Toza bog‘” ovuli hududida yangidan zamonaviy ko‘rinishda barpo qilingan “Dunyo” tantanalar majmuasi foydalanishga topshirildi.

Yangi inshootning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari yetakchi o‘rinda turadigan ijtimoiy davlat hamda xalqparvar jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Zamonaviy qiyofada bunyod qilingan mazkur to‘yxona xalqimizning to‘y-hasham va yaxshi kunlarini o‘tkazishga xizmat qilishiga tilak bildirdi. 1000 o‘ringa mo‘ljallangan tantanalar uyida aholi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Majmuada shu kuni ovulda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 16 nafar farzandining sunnat to‘yi o‘tkazib berildi. Tadbirda bolalarga qimmatbaho sovg‘alar ulashildi. San’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi, ertak qahramonlari ishtirokidagi quvnoq tomoshalar davraga bayramona fayz va shukuh bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri