Zahmatli mehnatning e’tirofi
Bugun “Metallurg” madaniyat saroyida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan kombinat, shahar va hamkor OAV vakillari bilan uchrashdi.
Qayd etilganidek, hozir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholini va dunyo ommasini xabardor qilishda siz jurnalistlarning roli katta. Ayniqsa, kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, yirik qurilishlar va ularning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni haqida OAVda keng yoritib borilmoqda.


– Kuni kecha davlatimiz rahbari yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishib, yig‘ilish o‘tkazdi, – deydi Abdulla Xursanov. – Ushbu yig‘ilishda energiya samaradorlik, energiya resurslarini tejash, yashil energetikaga o‘tish masalalari muhokama etildi. Bizga ham bu borada bir qator vazifalar yuklatildi. Bugungi kundagi ushbu dolzarb vazifalarni xalqqa yetkazishda siz jurnalistlarning o‘rni beqiyos. So‘nggi 5 yilni oladigan bo‘lsak, kombinatga ko‘plab davlatlarning delegatsiyalari tashrif buyurmoqda. Ular biz bilan hamkorlik qilish istagini bildiryapti. Bo‘layotgan o‘zgarishlarni, islohotlarni tezkorlik bilan yoritishda, albatta, sizga tayanamiz.


Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida kombinat Axborot xizmati faoliyati e’tirof etildi. Shuningdek, shahar va hamkor OAV vakillarining ham samarali mehnatlari qayd etib o‘tildi. OKMK Axborot xizmati rahbari Umida Qarshiboyeva xizmat faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Axborot xizmati tomonidan 2024-yilda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha keng ma’lumot berildi. Joriy yiling hozirgi davrigacha bo‘lgan vaqtda erishilgan natijalar sarhisob qilindi.
Ma’lumot uchun bugungi kunda OKMK Axborot xizmati tarkibida veb-tahririyat, “OKMK TV” korporativ telekanali, “Rangli metallar” va “Za svetnыye metallы” gazetalari faoliyat yuritib kelmoqda.
A.Musayev,O‘zA.