Zahmatli mehnat e’tirofi
Samarqand viloyati hokimligida Prezident farmoniga ko‘ra, Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha vakillariga ushbu mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi yangilanish va o‘zgarishlar jarayonlari haqida so‘z yuritib, erishilayotgan natijalar sohaning fidoyi shifokor va hamshiralari, xizmatchilarining zahmatli mehnatlari mahsuli ekanligini ta’kidladi. O‘z vazifasini sidqidildan ado etib, davlatimiz va xalqimiz ishonchini oqlab kelayotgan samarqandlik tibbiyot xodimlaridan uch nafari kuni kecha yuksak davlat mukofotlariga munosib ko‘rildi.
Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filialining tug‘ruq bo‘limi doyasi Nodira Boboyeva II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan, Samarqand tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi katta hamshirasi Sanoat Abdurahmonova hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi Paxtachi tumani bo‘limi haydovchisi Nizomiddin Umrzoqov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari mehnatlari e’tirof etilgan yurtdoshlarimizni tabriklab, ularning aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi. Mukofotlar o‘z egalariga tantanali topshirildi.
[gallery-32206]
– Bu mukofotni ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialining barcha tibbiyot xodimlari mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman, – deydi II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Nodira Boboyeva. – Keyingi yillarda muassasamiz uchun yangi binolar qurilishi, zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar berilishi viloyatimizda onalik va bolalik muhofazasida juda katta qadam bo‘ldi. Birgina bizda emas, viloyatdagi boshqa tug‘ruq majmualari ham bugungi kun talablari darajasida jihozlanib, onalar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bu e’tibor, albatta, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayondagi ishtirokimiz, kamtarona mehnatlarimiz davlat rahbari tomonidan e’tirof etilayotganidan boshimiz ko‘kka yetdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari