“Zafarnoma” kitobi qayta nashr etildi (+video)
Temuriylar tarixi davlat muzeyida “9 aprel - Amir Temur tavalludi kuni” munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Unda nafaqat yurtimiz tarixchilari va adabiyot axli, balki xorijiy davlatlardan ham olimlar tashrif buyurdi. Tadbir davomida O‘rta asrning atoqli davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur haqida so‘z bordi va ta’kidlandiki, turli adabiyotlarda bir-biriga zid fikrlar mavjud bo‘lib, o‘sha mualliflar yashagan davr nuqtayi nazari asosida baho berilgan.
Bugungi avlod uchun bobokalonimizning haqqoniy tarixi Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobida aks etgan va uni adabiyotshunos olimlarimizning chuqur ilmiy izlanishlari asosida qayta nashr etildi. Kitobning dastlabki fors tilidan tarjimasi muallifi Omonullo Bo‘riyevdan so‘ng, Ibrohim Sulton va loyiha muharriri Muhammad Ali tomonidan yana ma’lumotlar bilan boyitilib, qayta to‘ldirildi va ming nus’hada chop etildi.
Shu bilan birga kitobni o‘quvchilarga yanada qiziqarliroq va mutolada qulayroq bo‘lishi uchun “Amir Temur va Temuriylar davri siymolari” deb nomlangan risolalar chop etilib, tadbirda ularning ham taqdimoti o‘tkazildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AuSfanGI64E" title="“Zafarnoma” kitobi qayta nashr etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aytish kerakki, hozirda xalqimiz orasida Amir Temur davri tarixiga, Sohibqironning jang-u-jadallarda o‘tgan hayotiga qiziqish tobora kuchaymoqda. Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi mazkur kitoblarni nashrga tayyorlashda va yoshlarni bobokalonimiz tarixini chuqurroq o‘rganishlari uchun tanlovlar tashkil etishda bosh-qosh bo‘ldi.
“Zafarnoma” tarixiy asar sifatida 14-15 asr boshida Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrini aks ettirgan noyob tarixiy memuar asar bo‘lib, doimo ilm ahli uchun o‘sha davrni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelgan va bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan nodir asar hisoblanadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA