Zafar muborak, buxorolik paxtakorlar
Buxorolik paxtakorlar mo‘l hosil yetishtirib 342 ming 600 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etdi.
Hosilning aksariyat qismi yuqori navga sotildi.
Joriy dehqonchilik mavsumida hududda 106 ming gektar yerda “Buxoro-6”, “Buxoro-8” hamda “Buxoro-10” istiqbolli navlari asosida katta xirmon ko‘tarilgan bo‘lsa, uning 291 ming 851 tonnasi, ya’ni 95 foizi birinchi, sara navga qabul qilindi. Qolaversa, urug‘lik paxta yetishtirish hajmi 3 ming 738 tonnani tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, viloyatda dehqonchilik madaniyati, ayniqsa, paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgani, bevosita paxtachilikka ixtisoslashgan 3 mingdan oshiq fermer xo‘jaligida yerni ekishga tayyorlash va chigitni bir maromda undirib olish jarayonidan boshlab, ishning to‘g‘ri tashkil qilinganligi, qat’iy mehnat intizomi, agrotexnik tadbirlarning kechiktirmasdan olib borilgani yakunda umumiy muvaffaqiyatni ta’minladi. Qiyosiy olsak, birgina 2019 yilda viloyat paxtakorlari barpo qilgan “oq oltin” xirmoni 319 ming tonnadan oshmagan bo‘lsa, joriy yilgi mavsumda bu ko‘rsatkich deyarli 25 ming tonnaga ko‘proq.

Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilikda innovatsion g‘oya-klaster tizimi joriy etildi. bugungi kunda viloyatning 11 ta tumanida 10 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyatda yetishtirilgan yalpi paxta hosilining tumanlarda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Buxoro Agrocluster”, “Merganteks”, “Qorakul Kumush Kalava”, “Parvoz Xumo Ravnaq trans”, “BCT Cluster Agrokompleks”, “WBM Romiteks”, “Bahor Chance Textile”, “Buxoro Zarhal Teks” kabi korxonalar tayyorlov qabul maskanlarida saranjomlangani ham sohada butunlay yangicha faoliyat boshlanganidan dalolatdir.
Mazkur agroklaster sub’ektlari fyuchers tartibida, fermer xo‘jaliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolagan. Boshqalardan farqli tomoni, hududda yetishtirilgan paxta hosili shu yerning o‘zida “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyiliga muvofiq qayta ishlanadi. Tarmoqda eng yirik “Buxoro Agrocluster” MCHJ bu yil viloyatning Vobkent tumani fermer xo‘jaliklari bilan 37 ming 463 tonna, G‘ijduvon tumanidagi sub’ektlar bilan jami 34 ming 250 tonna, Shofirkon tumanida 21 ming 115 tonna, Peshko‘ tumani bilan 31 ming 450 tonna, Kogon tumani fermer xo‘jaliklari bilan 16 ming 524 tonna, Qorovulbozor tumanida 7 ming tonnadan ortiq, umumiy hisobda 150 ming tonnaga teng yuqori sifatli sanoat xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Viloyat paxtakorlarining mehnat zafarida davlat shartnoma rejasiga muvofiq katta xirmonga ulush qo‘shgan Qorako‘l, Olot, Vobkent, Peshko‘, G‘ijduvon, Shofirkon tumanlarining hissasi katta bo‘ldi.

Yig‘im-terim mavsumida jami 2 ming 100 dan oshiq terim otryadi 213 mingdan ortiq terimchini o‘zida birlashtirdi. Ular uchun dalada issiq ovqat va boshqa shart-sharoit hozirlangani, terib topshirilgan har kilogram paxta uchun birinchi terimda 1200 so‘m, ikkinchi terimda esa 1500 so‘mdan paxta puli berilgani ko‘zlangan xirmonni yog‘in-sochinli kunga qoldirmasdan, sifatli yig‘ib olish imkonini berdi. Bu jarayonda fermer xo‘jaliklariga yaqindan ko‘maklashgan ko‘ngilli terimchilar moddiy manfaatdorligi oshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA