Yurtimizning tashqi savdo faoliyati qanday holatda?
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan maʼlum qilishlaricha, 2019-yil yakunida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasi 42,2 milliard dollarni tashkil etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan maʼlum qilishlaricha, 2019-yil yakunida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasi 42,2 milliard dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 8,3 milliard dollarga oʻsish demakdir. Xususan, mahalliy tovarlar va xizmatlarning eksporti 2018-yilga nisbatan 15 foizga oʻsdi.
Eksportning asosiy ulushi qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallardan tayyorlangan mahsulotlar, xizmatlar, energiya tashuvchilar, toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari kabilar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Taʼkidlash lozimki, 2019-yil davomida 2700 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb qilinib, ular hisobiga 1 milliard dollardan ortiq qoʻshimcha eksport amalga oshirildi. 42 mamlakat bozorlariga 206 yangi turdagi mahsulotlar eksporti oʻzlashtirildi.
Qayd etish kerakki, import koʻrsatkichi ham 4,8 milliard dollarga oʻsdi. Import tarkibini asosan asbob-uskunalar, transport vositalari va ehtiyot qismlar, xizmatlar, qora metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar tashkil etmoqda.
Oʻtgan yil Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo hamkorlari soni 170 dan oshdi. Ayni vaqtda Xitoy (7,6 mlrd dollar yoki 18,1%), Rossiya (6,6 mlrd dollar yoki 15,7%), Qozogʻiston (3,3 mlrd dollar yoki 8%), Koreya Respublikasi (2,7 mlrd dollar yoki 6,5%), Turkiya (2,5 mlrd dollar yoki 6%), Germaniya (980 mln dollar yoki 2,3) kabilar tovar aylanmasi boʻyicha yetakchi hisoblanadi.
2019-yil yanvar-dekabr oylarida MDH mamlakatlari bilan savdo hajmi 12,2 milliard dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 20 foizga koʻproqdir. Shu nuqtayi nazardan MDH mamlakatlari bilan umumiy savdoning 54 foizi Rossiya, 27 foizi Qozogʻiston, 6,7 foizi Qirgʻiziston hissasiga toʻgʻri keladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha 20 ta yirik hamkor davlat orasida - Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Tojikiston, Eron va Fransiya bilan tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi kuzatilmoqda.