Yurtimizdagi millatlararo do‘stlik yanada mustahkamlanadi
Prezidentimiz tashabbusi bilan 30 iyul mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilandi.
Ushbu bayram shubhasiz, yurtimizda yashayotgan yuzdan ziyod millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilda ilk bor nishonlanayotgan ushbu bayram Andijonda ham o‘zgacha, katta tantana bilan o‘tkazildi. Unda Andijonda yashab, mehnat qilayotgan o‘zbeklar, ruslar, qirg‘izlar, koreyslar, armanlar, uyg‘ur va tojiklar, qo‘yingki, turli millat vakillari ishtirok etib, o‘z milliy an’analarini namoyish etdi.
Umuman, O‘zbekistonda keyingi yillarda millatlararo munosabatlar masalasiga katta e’tibor qaratilayotganligini alohida e’tirof etishni istar edim.
Men O‘zbekistonda yashayotgan rus millati vakili sifatida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligini alohida e’tirof etaman. Qolaversa, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Chunki men shu yurtda tug‘ildim, o‘sdim, oilali bo‘ldim, Bugun farzandlarim bag‘rimda kamolga yetmoqda. Tinch-osoyishta yurtimizda emin-erkin yashashimiz, mehnat qilishimiz, millatimizning an’ana va urf-odatlarini davom ettirishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Buni men yashayotgan Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bugun viloyatda uyg‘ur, qirg‘iz, koreys hamda arman milliy-madaniy markazlari qatori O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Andijonda, rus pravoslav va xiristian cherkovlari ishlab turibdi. Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari va litseylarda rus tili va adabiyoti fani o‘qitilmoqda. Darslar to‘la rus tilida olib boriladigan hamda aralash o‘qitiladigan maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Andijon davlat universiteti filologiya fakultetining rus tili va adabiyoti bo‘limida yuzlab talabalar tahsil olmoqda.
Ishonamanki, O‘zbekistonimizda har bir millat vakilining emin-erkin yashab, Vatan taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilishi uchun zarur barcha ishlar qilinadi. Yurtimizda millatlararo do‘stlik aslo zavol topmaydi.
Yekaterina SMESOVA,
O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi
Andijon viloyati bo‘limi raisi.
O‘zA