Yurtimizda uch milliondan ortiq nuroniy yashaydi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokida “Keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida tadbir ishtirokchilariga zarur ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikamizda 3 milliondan ortiq nuroniy istiqomat qiladi. Ularning 37,4 foizini yoshi 60dan oshgan erkak nuroniylar, 62,6 foizini esa yoshi 55 dan yuqori bo‘lgan ayollar tashkil etadi.

— bugungi kunda keksa avlod vakillarini nafaqat e’zozlash, balki ularning boy hayotiy tajribasidan foydalanish maqsadida vazirlik qoshida kompleks ishlar olib borilyapdi, –deydi vazirlikning keksalar va faxriylar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Norov. – Bular ko‘proq nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, hayotiy tajribalarini yoshlar tarbiyasiga yo‘naltirishdan iborat ishlardir. Fikrimning isboti sifatida joriy yilning avgust oyida respublikamizning ko‘plab mahallalarida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarini misol tariqasida keltirib o‘tishim mumkin. Ushbu tadbirlarning yoshlar hayotida ahamiyati katta deb hisoblayman. Undan tashqari 959 nafar nuroniy “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. “Salomatlik uchun 5 ming qadam” piyoda yurish, “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” nomli tanlovi doirasida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi.

Shuningdek, tadbir davomida ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llangan savollarga ham mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Samarqandlik muxlis ayol tomonidan berilgan “Yurtimizda yuz yoshgacha bo‘lgan keksalar nechta”degan savolga 100 yoshdan oshgan nuroniylar 600 nafarga yaqinni tashkil etishi, vazirlik tomonidan ushbu keksalarning bosib o‘tgan hayot yo‘llari borasida yaqinda “100 bilan yuzlashganlar” nomli kitob chop etilgani, yaqin kunlarda ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tishi xususida fikr-mulohazalar aytildi.
Shuningdek, jurnalist hamda blogerlar tomonidan yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan keksalarga ijtimoiy yordam, mahallalardagi kutubxonalarning mavjud ahvoli, nuroniylarga dam olish oromgohlariga yo‘llanmalar berish tartibi bo‘yicha so‘ralgan savollarga ham batafsil javob berildi.
Tadbir so‘nggida joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish–xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilishi borasida ham ma’lumotlar berib o‘tildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA