Yurtimiz farovonligi va rizqimiz butunligi
“O‘zekspomarkaz”da ochilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ko‘rgazmalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda
“UzAgroExpo – 2014” va “UzProdExro – 2014” nomli ushbu xalqaro ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi, Savdo-sanoat palatasi, Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmalari, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “IEG Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ko‘rgazmalarning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlari joriy etilgani, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilgani, dehqonlarning dunyoqarashi, mehnatga munosabati o‘zgargani, ular zarur texnika va resurslar bilan ta’minlangani samarasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. O‘z navbatida, ularni qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati ham jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda qariyb yetti mingta shunday korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ishlab chiqarilayotgan sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yurtimiz bozorlarini to‘ldirib, eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
2012-2015-yillarda oziq-ovqat sanoatini kengaytirish va rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi hamda 2012-2015-yillarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va ularning turini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi soha korxonalari faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi yuzdan ziyod korxonani o‘z tarkibida birlashtirgan. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan qulayliklar natijasida mahsulotlar turi ko‘paymoqda. Masalan, soya, maxsar, kungaboqar kabi tarkibida moy bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish uchun ajratilayotgan yer maydonlarida yog‘-moy korxonalari tomonidan yiliga o‘rtacha 95 ming tonna xomashyo tayyorlanib, qayta ishlanmoqda. Non korxonalarida uch yuzdan ziyod turdagi non mahsulotlari tayyorlanmoqda. Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishda ham katta yutuqlarga erishilayotir. Uyushma korxonalarida bir yilda 1300 tonnadan ortiq konfet, vafli, karamel, marmelad, holva va boshqa shirinliklar ishlab chiqarilayotir. Yetmish turdan ortiq sut mahsulotlari, sariyog‘, pishloq, yogurt ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2013-2015-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq meva sharbatlari va murabbo ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha uch yuzga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu yil o‘ninchi bor o‘tkazilayotgan “UzAgroExpo” va “UzProdExro” xalqaro ko‘rgazmalarida O‘zbekiston, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Fransiya, Belarus, Rossiya, Ukraina, Turkiya kabi mamlakatlarning yetakchi firma va kompaniyalari o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
– Kompaniyamiz meva-sabzavotlarni saqlashga mo‘ljallangan sovutish va muzlatish uskunalari, texnika va texnologiyalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, – deydi “Geerlofs” kompaniyasining eksport masalalari bo‘yicha menejeri Piter Yan Robbemont (Niderlandiya). – Mahsulotlarimiz oltmishdan ziyod mamlakatga eksport qilinadi. Mazkur ko‘rgazmada uchinchi marta ishtirok etyapmiz. Hamkorlarimiz safi yildan-yilga kengaymoqda. O‘zbekistonda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati ham izchil rivojlanayotgani e’tiborga molik. O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar va poliz ekinlari butun dunyoda sevib iste’mol qilinadi, juda qadrlanadi. Mamlakatingizdagi iqtisodiy erkinlik va qulay investitsiya muhiti xorijliklarning hamkorlikka qiziqishini oshirmoqda.
Mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi mazkur ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan mahsulotlar turi va sifatining yildan-yilga oshib borayotganida ham o‘z ifodasini topmoqda.
– Korxonamizda issiqxona va bog‘lar uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyalari ishlab chiqariladi, – deydi “Eco Drip” mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Shohrux Ismoilov (O‘zbekiston). – Bunday texnologiya suvni tejash, ekinni bir me’yorda sug‘orishda muhim ahamiyatga ega. Mahsulotlarimizdan foydalanilganda mehnat sarfi, o‘g‘it va suv xarajati sezilarli darajada kamayib, hosildorlik oshadi. Mamlakatimizda bunday texnologiyalarni keng joriy etishga katta e’tibor qaratilayotganidan unumli foydalanib, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va mahsulot turini ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.
“UzAgroExpo” va “UzProdExro” ko‘rgazmalari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalish va mahsulotlarini o‘zida mujassam etgan. Unda qishloq xo‘jaligi texnikasi, chorvachilik, parrandachilik, veterinariya, o‘simlikshunoslik, bog‘dorchilik, boshqaruv va xizmatlar, oziq-ovqat sanoati texnikasi va texnologiyalari, qadoqlash, oziq-ovqat mahsulotlariga oid ko‘plab bo‘limlar ishlab turibdi.
– Ushbu ko‘rgazmalar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi, – deydi “Facco” kompaniyasi mintaqaviy direktori Mikele Prearo (Italiya). – Mamlakatingizda biznes yuritish uchun barcha zarur sharoit, qonun bilan kafolatlangan preferensiyalar mavjud. Bu o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Kompaniyamiz parrandachilik uskunalari, tez barpo etiladigan panel inshootlar, o‘g‘it tashish mashinalari, yem-xashak minizavodlari, broylerlar uchun qafasli batareyalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Maqsadimiz yangi hamkorlar topish va o‘zaro foydali aloqalar o‘rnatishdan iborat.
Ko‘rgazmada mahsulot ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarning zamonaviy texnologiya va ishlanmalari – do‘kon va supermarketlar uchun avtomatlashtirilgan tizimlar, meva va sabzavot yetishtirish uchun osma uskunalar, saqlash qurilmalari, muzlatkichlar tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ko‘rgazmaning “Jihozlar uyi” bo‘limida savdo markazlari, oziq-ovqat do‘konlari, restoran, bar, oshxona, mehmonxona, novvoyxona, kirxonalar uchun asbob-uskunalar namoyish etilmoqda.
“Chorvachilik va veterinariya” bo‘limida qoramol, parranda, qo‘y va baliqlar uchun vitaminli qo‘shimchalar, chorva boqish va sog‘ishga ko‘maklashuvchi moslamalar, yem-xashak tayyorlash uskunalari va boshqa jihozlar taqdim etilgan.
Oziq-ovqat mahsulotining sifatliligi, xavfsizligi va xaridorgirligini ta’minlashda qadoqlash texnologiyasi muhim o‘rin tutadi. Ko‘rgazmada qadoqlash va reklama vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar taklif etayotgan mahsulotlar shu jihatlari bilan ham ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
“UzAgroExpo” va “UzProdExro” xalqaro ko‘rgazmalari mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish, sohaga xorij sarmoyasini jalb etish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, zamonaviy talab va takliflarni o‘rganish hamda tovar ayirboshlashni kengaytirishga xizmat qiladi.