Yurtga sodiq farzand bo‘lamiz
Janubi-G‘arbiy Maxsus harbiy okrugining Termiz garnizonidagi harbiy qismda “Yangi O‘zbekiston Armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida “O‘zbekiston – ilm-ma’rifat o‘chog‘i, ziyo markazi bo‘lgan qutlug‘ zamin” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, Yoshlar ittifoqi viloyat boshqarmasi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi xodimlari, Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, turli tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar, faxriylar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Birinchi Uyg‘onish davri allomalari, Ikkinchi sharq Renessansi va Temuriylar davrida amalga oshirilgan ulug‘vor ishlar haqida atroflicha fikr almashildi. O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ahamiyati, mazmun-mohiyati tushuntirildi.

– Vatan ozodligi yo‘lida o‘z tinchi va oromidan kechgan, Vatan kelajagi yo‘lida jonini qurbon qilgan bobolarimiz nomini hamisha yod olish, ularga munosib farzand bo‘lish har bir yosh uchun sharafli burch bo‘lishi lozim, – deydi III darajali serjant Akbar Ahmedov. – Xalqimiz uchun millat erki, Vatan istiqboli doimo ulug‘ va muqaddas bo‘lib kelgan. Buni his etib, jasur va buyuk ajdodlarimiz an’analariga sadoqat bilan yashash, ular boshlab bergan ezgu amallarni davom ettirish bizning zimmamizdagi sharafli ishdir.

– Tinch, farovon, yoshlari izlanuvchan yurtda yuksalish bo‘ladi, – deydi kichik serjant Davlatbek Rahmatov. – Biz yoshlar yaratib berilayotgan bugungi sharoitlardan oqilona foydalanib, Vatan osoyishtaligi, mamlakatimiz obodligi yo‘lida yurtga sodiq farzandlar bo‘lishimiz lozim. Buning uchun harbiy tuzilmalar, ilm-fan, sport va boshqa sohalarda ham barcha imkoniyat mavjud.


Tadbirda yoshlar erishgan yutuqlari va kelgusi rejalari haqida so‘z yuritdi. Mudofaa vazirligining Termiz, Kakaydi, Xayrobod garnizonlari harbiy xizmatchilari buyuk bobokalonlarimiz hayoti va ijodi aks etgan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri