Yurt taqdiriga daxldorlik saodati
Ayol- bir qoʻlida beshik, bir qoʻlida dunyoni tebratadi
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Ayol- bir qoʻlida beshik, bir qoʻlida dunyoni tebratadi. Mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida faollik koʻrsatayotgan ayollar haqida gap ketganda, bu haqiqatni yanada teran anglash mumkin.
Asli paxtachilik Salima Bobojonova Karmana tumaniga kelin boʻlib tushgach, oilaga naf keltirish maqsadida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullana boshladi. Avvaliga xonadonida 100-150 boshgacha broyler joʻja parvarishlab koʻrdi. Shu tariqa 2011 yildan mazkur sohaga jiddiy kirishgan tadbirkor bugungi kunda yiliga 120 tonnagacha tovuq goʻshtini aholiga yetkazib bermoqda.
“Sherdor Zarafshon” xususiy korxonasini 2017 yilda tashkil etganmiz, – deydi S.Bobojonova. – Oʻtgan yili qariyb 700 million soʻm mablagʻ evaziga zamonaviy tipdagi tovuqxona barpo etdik. 10 sotix maydonni egallagan binoda 16 ming dollar qiymatidagi Turkiya texnologiyasi oʻrnatilgan. Mazkur uskunalar xona haroratini nazorat qilish bilan birga, joʻjalarni avtomatik tarzda oziqlantirish imkonini beradi. Joriy yildan boshlab ishga tushirilgan binoda ayni paytda 15 ming parranda parvarishlanmoqda.
Taʼkidlash lozim, korxonaning ikkinchi tovuqxona binosi qurilishi ham jadal bormoqda. Tadbirkorning aytishicha, kelgusida yana 2-3 ta xuddi shunday obyekt qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun maydon yetarli. Natijadaqoʻshimcha ish oʻrni yaratish va bozorni arzon parranda goʻshti bilan taʼminlash imkoniyati kengayadi.



