Yurt manfaatini har nedan ustun bilgan zot
9 aprel – Amir Temur tavallud topgan kun
Ulug‘ Sohibqiron bobomiz Amir Temurning bebaho merosi – “Temur tuzuklari” asarini mutolaa qilib, buyuk sarkarda va jahongir ajdodimizning donishmandligi, uzoqni ko‘ra olgani, xalq, el-ulus manfaatlarini har nedan ustuvor bilganiga yana bir karra guvoh bo‘lamiz. Bu jihatlar “Temur tuzuklari”ning quyidagi lavhasidan ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Kengash va tadbirlar
“O‘zga mamlakatlarni zabt etish, ularni idora qilish, g‘anim lashkarlarini sindirish, dushmanni tuzoqqa tushirish, muxoliflarni (ko‘nglini ovlab) do‘stga aylantirish, do‘st-dushman orasida muomala, murosayu madora qilish xususida ushbu kengash va tadbirlarni qo‘lladim.
Pirim menga yozmishlarkim: “Abulmansur Temur, saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni: 1) (o‘zing bilan) kengash 2) (boshqalar bilan) mashvaratu maslahat ayla 3) hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqar 4) ehtiyotkor bo‘l. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlariyu aytgan gaplari xato bo‘lgan johil kimsaga qiyoslash mumkin. Uning so‘zlari va qilmishlari boshga pushaymonlik ila nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan.
Yana shuni ham bilgilkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo‘lgay, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka solish bilan bitur. (Xullas) tadbirlardan ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdirkim, qat’iylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik, shijoat va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirilgay. Vassalom”.
Bu maktub menga yo‘l boshlovchi yanglig‘ rahnamolik qildi. U menga saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini anglatdi. (Donishmandlar) demishlarkim, o‘z o‘rnida qo‘llangan tadbir bilan ko‘plab lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj askarlarni yengib bo‘lur.
Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi.
Men yana tajribamda ko‘rdimki, g‘anim lashkarini yengish qo‘shinning ko‘pligi bilan emas, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmoqlik (Tangrining) madadi va bandasining tadbiri bilandir. Chunonchi, men kengashib va tadbir yuritgan holda ikki yuz qirq-uch kishi bilan Qarshi qal’asi ustiga yurdim. Amir Muso va Malik Bahodir o‘n ikki ming otliq askar bilan qal’a va uning atrofini qo‘riqlamoqda edilar. Lekin Tangri taoloning yordami etib, o‘zim qo‘llagan to‘g‘ri tadbirlarim orqali Qarshi qal’asini egalladim.
Shundan so‘ng, amir Muso va Malik Bahodir o‘n ikki ming otliq askar bilan ustimga bostirib kelib, meni Qarshi qal’asida qamal qildilar. Men Tangrining madadiyu inoyatiga ishonib, tadbirkorlik va ehtiyotkorlik ishlatgan holda qal’adan chiqib, qulay fursatlarda bir necha marta jangga kirdim. Pirovardida shu ikki yuz qirq uch yigitim bilan o‘n ikki ming otliq g‘anim lashkarini mag‘lubiyatga uchratdim va ularni bir necha farsang yergacha quvib bordim.
Yana tajribamdan o‘tmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi takdir pardasi orqasida yashirin bo‘lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir. (Shuning uchun) payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam (unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin) aytganlaridek, har bir ishni qilishga kirishar ekanman, avval obdon o‘ylab, (amirlarim bilan) kengashdim.
Maslahatchilar va kengash ahli yig‘ilganda, oldimizdagi ishlarning yaxshi-yomon, foydayu ziyon tomonlari, ularni amalga oshirish, oshirmaslik haqida so‘z ochib, (ulardan) fikr so‘rar edim. So‘zlarini eshitgach, ishning har ikki tomonini mushohada qilib, foyda-ziyonlarini ko‘nglimdan kechirardim; uning xatarli tomonlariga ko‘proq e’tibor nazari bilan qarardim; qaysi bir ishda ikki xatar mavjud bo‘lsa, uni (bajarishdan) voz kechardim va bir xatarlik ishni ixtiyor etardim. Chunonchi, shunga ko‘ra Tug‘luq Temurxonga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganman. Uning amirlari Dashti Jetada isyon tug‘ini ko‘targanlarida, mendan maslahat so‘radi. Unga shunday dedim: “Agar g‘animni sindirish uchun bir favj askar yuborsang, oldingda ikki xatar bordir, agar o‘zing olib borsang, bir xatar mavjud”. U mening maslahatimga kirib, Dasht tomon o‘zi borib edi, men aytgandek bo‘ldi.
Ishlarimning barini kengash bilan yurgizib, uni bitirishda to‘g‘ri tadbir qo‘llar edim. Bir ishga kirishmay turib, undan chiqish yo‘llarini o‘ylab qo‘yar edim. Uni to‘g‘ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-chidam ko‘rsatib, ehtiyotkorlik bilan uzog‘ini o‘ylab, ortini esdan chiqarmagan holda oxiriga yetkazardim.
Yana tajribamdan o‘tkazdimki, kengash ahli birlik, ittifoqlik bilan so‘zda sobit, ishda chidamli bo‘lishlari shartdir. Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasunlar. Agar biror ishni qilmaslikka so‘z berar ekanlar, uning yaqiniga ham yo‘lamasunlar.
Tajribamdan ma’lum bo‘ldiki, kengash ikki turli bo‘lur. Biri – til uchida aytilgani, ikkinchisi – dildan chiqqani. Til uchida aytilganini (shunchaki) eshitardim. Dildan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog‘iga quyardim va dilimga joylardim.
Agar (g‘anim ustiga) lashkar tortmoqchi bo‘lsam, urush-yarashdan o‘rtaga so‘z tashlab, amirlarim ko‘ngillarining bu ikkovidan qay biriga moyilligini bilishga intilardim. Agar yarashdan so‘z ochsalar, buning foydasini urush ziyoniga solishtirib ko‘rardim. Agar urushga moyil bo‘lsalar, uning naf va foydasini yarash ziyoniga taqqoslab ko‘rardim; qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, shuni ixtiyor qilardim.
Sipohni ikkilantiradigan (turumsiz) kengashni eshitishdan saqlanardim. Kengash ahlidan kimki kuyunib maslahat bersa, quloq solardim, kimki oqilona gaplarni mardlarcha keskinlik bilan so‘zlasa, uni diqqat bilan tinglardim. Har kimdan so‘z olib, kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi-yomon tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim...”
O‘zA