Yuridik xizmatlar samaradorligi oshmoqda
So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyatida yuridik xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, huquqiy hujjatlar sifatini oshirish va davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining aniq raqamlari va amaliy natijalari bilan yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylari davomida viloyatda faoliyat yuritayotgan yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga jami 402 ming 619 ta hujjat loyihasi kelib tushgan. Ularning 253 ming 704 tasi turli shartnoma loyihalari, 148 ming 915 tasi esa buyruq loyihalarini tashkil etgan. Bu esa sohadagi ish hajmi bilan birga, mas’uliyat va huquqiy nazorat darajasi ham tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Mazkur ko‘rsatkichlar Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Tadbirda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining davlat tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish orqali huquqbuzarliklarning oldini olishdagi o‘rni va ahamiyati atroflicha yoritib berildi.

Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda yuridik xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, hujjatlarni tayyorlash jarayonida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, raqamlashtirish orqali ish samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, huquqiy xizmat ko‘rsatishda yagona elektron platformalardan foydalanish orqali vaqt va resurslarni tejash imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Prezidentning 2025 yil 14 noyabrdagi “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati ham keng yoritildi.
Mazkur Farmon asosida tadbirkorlik sub’ektlari uchun ma’muriy xarajatlarni keskin qisqartirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bir vaqtning o‘zida qator davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Xususan, elektron raqamli imzo kalitini olish, bank hisobvaraqlarini ochish va ularni faollashtirish uchun ariza topshirish, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya yoki ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish, ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish kabi jarayonlar yagona tizim orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida avtomatik ravishda guvohnoma olish, onlayn nazorat-kassa mashinalarini masofadan turib xarid qilish va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish, yuridik shaxs rahbarini tayinlash hamda uni «Yagona milliy mehnat tizimi»da hisobga qo‘yish imkoniyatlari ham taqdim etiladi.
– Eng ahamiyatli jihati shundaki, «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili doirasida tadbirkor har bir xizmatdan o‘z tanloviga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda foydalanadi. Tanlangan xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar esa yagona QR-kod orqali amalga oshiriladi, – deydi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining shu’ba boshlig‘i Aziz Mavlonov.

Farmonda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga qaratilgan normalar ham o‘z aksini topgan. Xususan, 2026 yil 1 martdan boshlab litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish sohasida huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda yuridik shaxsga jarima qo‘llanilsa, uning mansabdor shaxslarni alohida ma’muriy javobgarlikka tortish amaliyoti bekor qilinadi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ortiqcha ma’muriy bosimlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, «Litsenziya» axborot tizimi orqali litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati joriy etiladi. Ushbu xizmat doirasida talabgor tomonidan rejalashtirilayotgan bino-inshootlar, moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va xodimlar tarkibining belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi o‘rganilib, tegishli xulosa taqdim etiladi. Dastlabki baholash xizmati 20 kundan oshmagan muddatda ko‘rsatilib, u uchun undiriladigan to‘lov miqdori litsenziya yoki ruxsatnoma berishda arizani ko‘rib chiqqanlik uchun belgilangan yig‘imdan ortiq bo‘lmaydi.
Umuman olganda, Sirdaryo viloyatida yuridik xizmatlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, tadbirkorlar va fuqarolarning huquqiy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Muhimi, matbuot anjumani ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tib, yuridik xizmatlar samaradorligi, amaldagi qonun hujjatlari hamda ularda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillarining barcha savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri