Yurakning sog‘lomligi to‘g‘ri ovqatlanishga bog‘liq
Yurak-qon tomir kasalliklari dunyo bo‘yicha eng ko‘p uchraydigan xastaliklardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, ushbu kasalliklarning kelib chiqishi va rivojlanishida insonning hayot tarzi, ayniqsa, kundalik ovqatlanish tartibi muhim o‘rin tutadi.
Surunkali yurak kasalliklarida yurakning me’yorida ishlashi ko‘p hollarda to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanishga bog‘liq.
Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolashda tavsiya etiladigan parhezning ahamiyati va o‘ziga xos xususiyatlari haqida Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filiali 1-shoshilinch kardiologiya va terapiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor E. Hamroyev bilan suhbatlashdik.

– Yurak uchun foydali va to‘g‘ri ovqatlanish rejimini qanday tuzish kerak?
– Avvalo, ovqat mahsulotlarining sifatiga alohida e’tibor berish lozim. Muvaffaqiyatli parhezning asosi – foydali va sifatli ozuqa hisoblanadi. Ovqat mahsulotlari imkoni boricha tabiiy, turli kimyoviy moddalar bilan ishlov berilmagan, uzoq muddat sovutgichlarda saqlanmagan bo‘lishi juda muhim. Shuningdek, ularni tekshiruvdan o‘tgan, sifat sertifikatiga ega fermer xo‘jaliklari yoki ishonchli savdo shoxobchalaridan xarid qilish maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, ovqat mahsulotlari miqdoriga ham e’tibor berish kerak. Yurak-qon tomir tizimi salomatligi uchun meva va sabzavotlarni iste’mol qilishda deyarli cheklov yo‘q. Mutaxassislar haftasiga 500 grammgacha yog‘siz go‘sht mahsulotlari (mol, parranda, quyon go‘shti) hamda baliq mahsulotlarini iste’mol qilishni tavsiya etadi. Baliq tarkibida yurak uchun foydali bo‘lgan Omega-3 to‘yinmagan yog‘ kislotalari mavjud.
Shuningdek, butun donli mahsulotlar va kepakli undan tayyorlangan makaron mahsulotlarini iste’mol qilish ham foydali hisoblanadi.
Ovqat mahsulotlari tarkibida yetarli miqdorda mikroelementlar bo‘lishi lozim. Yurak-qon tomir tizimining barqaror ishlashi uchun ratsionga kaliy va magniyga boy mahsulotlarni kiritish juda muhim. Kaliy yurak ritmini yaxshilab, yurak mushagini mustahkamlaydi, magniy esa tomirlar elastikligini ta’minlab, asab tizimini tinchlantiradi.
Kaliy mikroelementining sutkalik ehtiyoji taxminan 3,6 grammni tashkil etadi. Sportchilarda yurak va mushaklarga yuklama katta bo‘lgani uchun kaliyga bo‘lgan talab yanada yuqori bo‘ladi. Kaliy turshak, qaynatilgan kartoshka qobig‘i, banan, dukkaklilar, petrushka, shivit, qovoq, pomidor va yong‘oqlarda ko‘p miqdorda uchraydi.
Magniyning sutkalik ehtiyoji esa 400 milligramm hisoblanadi. Uning asosiy manbalari yong‘oqlar, dukkaklilar, ko‘katlar, kunjut va sut mahsulotlaridir.
– Yurak-qon tomir tizimini oziq-ovqatning zararli ta’siridan himoya qilish uchun nimalardan parhez qilish kerak?
– Eng avvalo, tozalangan yog‘lar va qand mahsulotlarini cheklash zarur. Bunday mahsulotlar semirish va aterosklerozga moyillikni oshirib, yurak ishemik kasalligining rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Osh tuzi tarkibida natriy elementi bo‘lib, u organizm to‘qimalarida suyuqlik ushlanib qolishiga va tomirlar spazmiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida shishlar paydo bo‘lishiga va qon bosimining oshishiga olib keladi. Shu bois, tayyor va konservlangan oziq-ovqat mahsulotlarida tuz miqdori yuqori bo‘lgani uchun ularni iste’mol qilganda qo‘shimcha tuz ishlatmaslik yoki juda kam miqdorda ishlatish tavsiya etiladi.
Yog‘li go‘sht mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilish ham zararli. Chunki hayvon yog‘lari xolesterin miqdorini oshirib, tomir devorlarida aterosklerotik blyashkalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu esa qon aylanish tizimida buzilishlarga, shuningdek moddalar almashinuvining izdan chiqishiga olib keladi.
Fabrikada ishlab chiqarilgan non-bulka mahsulotlari va shirinliklarda sog‘liq uchun zararli bo‘lgan transyog‘lar – margarin va kulinariya yog‘lari mavjud. Bu moddalar yog‘lar almashinuvini buzadi. Shuningdek, shirinliklar tarkibida qand miqdori juda ko‘p bo‘lib, bu ortiqcha vazn, ateroskleroz va qandli diabet kabi kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Kofein ko‘p miqdorda choy barglarida, kofe va kakao mahsulotlarida mavjud. Uni me’yoridan ortiq iste’mol qilish yurak urishining tezlashishiga va qon bosimining oshishiga olib keladi. Shuning uchun yurak-qon tomir kasalliklari bor bemorlarga kofeinni cheklash, ya’ni kuniga 1–2 chashkadan oshirmaslik tavsiya etiladi.
Spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish ham tomirlar spazmiga, yurak ritmining buzilishiga va ateroskleroz rivojlanishining tezlashishiga sabab bo‘ladi. Alkogol miokardning oziqlanishini buzib, uning zaiflashishiga olib keladi.
Agar milliy ovqatlanish ratsionimizga nazar tashlasak, oqsil, yog‘ va uglevodlarni yetarli miqdorda iste’mol qilayotgan bo‘lsak-da, ko‘p hollarda mikroelementlar tanqisligi kuzatiladi. Xususan, kundalik ovqatimizda ko‘katlar, sabzavotlar va yong‘oq mahsulotlari yetarli darajada ishlatilmaydi. Bu esa organizmda kaliy va magniy tanqisligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, inson hayoti davomida kaliy va magniy ko‘p sarf qilinadigan holatlar – stress, jismoniy zo‘riqish, infeksiyalar va zaharlanishlar ham uchrab turadi. Ayrim sharoitlarda, masalan, issiq havo, kofe va alkogolni ko‘p iste’mol qilish, yoki siydik haydovchi preparatlarni qabul qilish paytida ham organizmda ushbu mikroelementlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib ketadi.
Bunday holatlarda kaliy va magniy tanqisligini bartaraf etish uchun ushbu mikroelementlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilish, zarurat tug‘ilganda maxsus dori vositalari yoki biologik qo‘shimchalar qabul qilish hamda zararli odatlardan voz kechish maqsadga muvofiq.
O‘zA muxbiri
Zarif Komilov suhbatlashdi.