Yuraklardan joy olgan mo‘’tabar timsol
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Milliy bayroq” ma’rifiy tadbiri Toshkent shahrida bayramona ruhda bo‘lib o‘tdi.
Erta tongdanoq poytaxtimizdagi barcha ta’lim dargohlari, maktablar, mehnat jamoalarida, mahallalarda 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘imiz qabul qilingan kunga bag‘ishlangan aksiyalar, ijodiy loyihalar o‘zgacha jo‘shqinlik va shukuh bilan tashkil etildi.
Bayrog‘imiz mamlakatimizda mudom barqaror bo‘lgan hamjihatlik, tinchlik va osoyishtalik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlik, kelajak sari dadil odimlayotgan yangi O‘zbekistonimizning betakror, dunyoda tengi bo‘lmagan timsolidir.
Qutlug‘ sana munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston” majmuasi talaba-yoshlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan yanada gavjum bo‘ldi.
[gallery-20435]
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida tashkil etilgan loyihaning natijasi o‘laroq, 100 metrlik bayrog‘imiz yurtimiz bo‘ylab barcha viloyatlar, vohayu vodiylarni kezdi. Bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirlar xalqimiz, ayniqsa, ulg‘ayib kelayotgan avlod qalbida jonajon O‘zbekistonimizning davlat ramzlariga o‘zgacha mehr, ehtirom va hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tantanali tadbir ishtirokchilari Mustaqillik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.
Majmuada harbiy vatanparvarlik ruhidagi musiqa yangradi. Muazzam maydon uzra ulkan bayrog‘imiz yoyilganida uning barcha hamyurtlarimiz uchun nechog‘li ulug‘vor, aziz va tabarruk, g‘oyat go‘zal va betakror ekanini tadbir qatnashchilari yana bir bor dildan his etdi.
[gallery-20436]
– Bunday ezgu aksiyalar yoshlarimizni shu aziz diyorning qadriga yetishga, uning ramzlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga da’vat etadi, – dedi “Yangi O‘zbekiston” universitetining prorektori Hilola Nazirova. – Fikrimcha, yangicha ma’no va mazmun kasb etayotgan, mutlaqo yangicha shaklda o‘tayotgan bu kabi ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning milliy g‘ururini, yurt taqdiri uchun mas’ullik hissini tobora kuchaytirishga xizmat qiladi.
– Qadimdan bayroq qo‘shinlarda eng asosiy ramzlardan sanalgan, – dedi Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Abdulhakim Botirov. – Jasoratli ajdodimiz Najmiddin Kubro qo‘lda bayroq bilan dunyodan ko‘z yumgan. Yovlar bahodir bobomiz halok bo‘lganidan keyin ham uning qo‘lidagi bayroqni tortib ololmagan ekan. Bugun bayrog‘imiz yirik siyosiy anjumanlar, sport, harbiy, san’at va madaniyat sohasidagi yetakchi tadbirlarda hilpiramoqda. Bularning bari bayroqning nechog‘li muqaddas ekanini anglatadi.
– Dunyoda mamlakatlar ko‘p, ularning o‘z bayrog‘i bor, – dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi Elbek Ahtamov. – Shu bayroq tufayli dunyo bizlarni O‘zbekiston farzandi ekanimizni anglaydi. Biz aziz ona-Vatanimizga, uning muqaddas ramzlariga doim mas’uliyat, hurmat va ehtirom bilan qarashimiz zarur.
Milliy bayrog‘imizga bag‘ishlangan sport musobaqalari, bayram tadbirlari, turli ma’rifiy aksiyalar shu kuni poytaxtimizda kechga qadar davom etdi.
Shahrimiz ko‘rki bo‘lgan “Toshkent city” majmuasi hamda yirik savdo markazlari binolarining badiiy yoritish moslamalarida davlat bayrog‘i tasviri aks ettirilgani Vatanimizning salohiyatini, ezgu orzu-intilishlarimiz mohiyatini o‘ziga xos tarzda ifoda etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Darhaqiqat, Vatanimiz bayrog‘i yuragimizdan joy olgan mo‘’tabar ramz ekani shu kunlarda yana bir bor o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri