Yuksak ishonch katta mas’uliyat yuklaydi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilinayotgan dastur, farmon va qarorlar, yaratib berilayotgan keng imkoniyat, sharoitlar, o‘tgan yildan boshlab avgust oyining 20 sanasi “Tadbirkorlar kuni” deb belgilanishi faoliyatimizni yanada kengaytirishda kuchimizga-kuch, shijoatimizga g‘ayrat qo‘shadi.
Ayniqsa, Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda so‘zlagan nutqi biz, tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar beradi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga oshib, 26 mingtaga yetgan. Mamlakatimizda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetib, umumiy eksport hajmi 30 foiz ko‘paygan.
Bu yutuqlar negizida tadbirkorlarning tinimsiz va mashaqqatli mehnati turibdi. Shuning uchun ham tadbirkorlarga farovon hayotimiz bunyodkorlari, deya yuksak baho berildi. Bu esa har birimizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
“Tadbirkorlar kuni” arafasida Prezidentimiz farmoyishi bilan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular qatorida mening ham kamtarona mehnatimning yuksak baholanganidan mamnunman.
O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus – 2021” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi tadbirkor ayol” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi “Nexia-3” avtomobili bilan taqdirlandim.
2017 yilning fevrali oyida faoliyat boshlagan korxonamiz Mo‘ynoq tumani, Orol dengiziga va boshqa joylarga yakka turda yoki guruh bo‘lib sayohat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlardan foydalangan holda xizmat ko‘rsatish doirasini yanada kengaytirib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
Amina Bekjanova,
Mo‘ynoq tumanidagi “Muinak tour” MCHJ rahbari, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibasi.
O‘zA