Yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan munavvar dillar
Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi Andijon viloyatida yashayotgan 60 nafar kam taʼminlangan xotin-qizlar uchun qoʻshaloq bayram, hayotidagi unutilmas kunga aylandi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi Andijon viloyatida yashayotgan 60 nafar kam taʼminlangan xotin-qizlar uchun qoʻshaloq bayram, hayotidagi unutilmas kunga aylandi. Ular yangi uy sohibiga aylandi.
Andijon shahridagi viloyat qoʻgʻirchoq teatrida jismoniy imkoniyati cheklangan, ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan uy-joyga muhtoj ayollarga yangi uylarning kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda fuqarolarning ogʻirini yengil qilish, ularning hayotdan rozi boʻlib yashashiga koʻmaklashish, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar vakillarini, nogiron, ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
– Viloyatda nogiron, ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlar roʻyxati shakllantirilib, ular bosqichma-bosqich uy-joy bilan taʼminlanmoqda, – deydi Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – 2018-yilda 469 nafar ana shu toifadagi ayollar uy-joy bilan taʼminlangan boʻlsa, joriy yilda yana 300 nafariga uy berilishi belgilangan.
Mustaqillik bayrami arafasida Andijon shahri, Asaka, Marhamat, Shahrixon, Buloqboshi va Izboskan tumanlarida barpo etilgan koʻp qavatli uylardagi 2-3 xonali kvartiralar hamda 2 sotixli namunali uylar egalariga topshirildi.
– Koʻzim ojiz, I-guruh nogironiman, – deydi Asaka tumanidagi Saydobod mahallasida yashovchi Havoxon Tashatova. – Turmushdan ajraganman, oʻgʻlim Qurbonali bilan otamning torgina hovlisida bir necha oila yashab kelar edik. Uy-joy qilishning umuman imkoni yoʻq edi. Xotin-qizlar qoʻmitasi vakillari sharoitimizni oʻrganib, uy-joy berilishi uchun roʻyxatga kiritganida ochigʻi, uy olishga ishonmagan edim. Bugun dunyoda mendan baxtli inson yoʻq. Chunki, menga Obod mahallasida qurilgan yangi uylardan biri berildi. Endi oʻz uyim bor, kimningdir oldida xijolat boʻlmay, xotirjam yashay olaman. Hatto, yaqinlarim koʻrsatmagan bunday yaxshilikdan, davlatimizning eʼtibor va gʻamxoʻrligidan yashashga boʻlgan umidim, davlatimizga, yaxshi insonlarga ishonchim yanada ortdi. Qiynalib yashayotgan men kabi ayollar holidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotgan insonlarga, mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimizga rahmat.
Viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ayollarga berilgan 60 ta uydan 40 tasining boshlangʻich toʻlovi xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilgan, 20 tasi esa bepul, xayriya tarzida ajratildi.
– Har bir insonning oʻz uyi boʻlgani yaxshi, – deydi yangi uy sohibasi Marhamat tumanidagi Bozorboshi tumani, Yuqori koʻchasida yashovchi Xosiyatxon Isayeva. – Turmush oʻrtogʻimning birinchi ayoli vafot etgan. Uch nafar yosh bolalariga ona boʻlib turmushga chiqqanman. Keyin yana uch nafar farzand koʻrdik. Yashash sharoitimiz oʻta ogʻir. Oʻz uyimiz yoʻqligidan erim suvchi boʻlib ishlaydigan fermer xoʻjaligining qorovulxonasida yashab kelar edik. Prezidentimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligi tufayli bizga ham uy berildi. Bundan, ayniqsa, farzandlarimiz quvondi. Men kabi koʻngli oʻksik ayollarga quvonch ulashayotgan Prezidentimizga, barcha rahbarlarga minnatdorlik bildiraman.
Uy sohibasiga aylangan qaysi bir ayol bilan suhbatlashmaylik, quvonchdan, eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanini bildirdi.
– Yoshim oltmishni qoralab qoldi, – deydi Andijon shahri Qoʻshariq dahasidagi oilaviy yotoqxonada yashovchi Odinaxon Xolmirzayeva. – Oʻzim ikkinchi guruh nogironiman. Turmushidan ajrashgan qizim, uning uch nafar farzandi bilan bir xonali yotoqxonada yashar edik. Mana oilamizga yangi uy berildi. Bunday xayrli ishlarning boshida turgan insonlarga taʼzim qilaman.
Uy sohibalariga yangi uyning sertifikati, kaliti bilan birga, sovgʻa tariqasida maishiy texnika jihozlari topshirildi.
Viloyatda joriy yil oxiriga qadar yana 240 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan, ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan uy-joyga muhtoj ayollar uy-joy bilan taʼminlanadi.